Foto: The New York Times
Intizomiy jazoga tortilgan amerikalik harbiy ikki Koreya o‘rtasidagi chegara chizig‘ini kesib o‘tib, Shimoliy Koreyaga keldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
AQSHning Janubiy Koreyadagi harbiy qo‘shinlari matbuot kotibi Isaak Teylorning aytishicha, harbiy ikki Koreya o‘rtasidagi qo‘shma xavfsizlik zonasiga tanishuv safari chog‘ida “qasddan va ruxsatsiz harbiy chegara chizig‘ini kesib o‘tgan”. Teylorning aytishicha, askar KXDR hibsxonasida bo‘lishi mumkin, “bu hodisani hal qilish” ustida ish olib borilmoqda.
Anonimlik sharti bilan ikki amerikalik mulozim qochoq harbiyni AQSH qurolli kuchlari tomonidan intizomiy choralar kutayotganini aytdi.
Rasmiylar, shuningdek, gap Janubiy Koreyada qamoqdan ozod qilingan oddiy askar Trevis King ekanini aytdi. Uni intizomiy jazo choralari sababli AQSHga olib ketish kerak bo‘lgan. Biroq, aeroportda xavfsizlikni rasmiylashtirgandan so‘ng, u “qandaydir” tarzda ortga qaytgan, sayyohlik guruhiga qo‘shilgan va KXDR chegarasini kesib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.
Voqea guvohining aytishicha, askar baland ovozda kulgan holda ba’zi binolar orasidan yugurib, chegarani kesib o‘tgan.
Janubiy Koreya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi demarkatsiya chizig‘i 1953 yilda harbiy harakatlar oxirida o‘rnatilgan. O‘shandan beri ikki davlat o‘rtasida tinchlik shartnomasi tuzilmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!