Foto: Kremlin
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, Polsha, Litva va Ukraina harbiy ittifoqini tuzish orqali Polsha keyinchalik Ukraina hududini bosib olishni rejalashtirmoqda. Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Putin Polshaning g‘arbiy hududlari Iosif Stalinning “tuhfasi” ekanini ta’kidladi.
Rossiya prezidenti Belarusga qilingan har qanday tahdidga Rossiya birgalikda javob qaytarishini ta’kidladi.
Litva—Polsha—Ukraina harbiy ittifoqi tuzilyaptimi?
Aprel oyida NATO tarkibida Litva—Polsha—Ukraina korpusini shakllantirish rejalari haqida xabarlar tarqalgandi. Bu haqda, xususan, Dziennik polityczny portali jurnalisti Yakub Moznyak yozgan. Unga ko‘ra, korpus 20-25 ming kishidan iborat bo‘ladi. Polsha va Litva brigadalari Lyublinda, ukrainaliklar esa Ukrainaning g‘arbiy qismida joylashadi. Maqolaga korpusni shakllantirish rejalari ekani aytilgan noaniq fotosuratlar biriktirilgan.
Tasvirlarda ehtimoliy LITPOLUKRKORPS korpusi shakllanishining emblemasi ko‘rsatilgan. Biroq bu emblema 2016 yilda yaratilgan Konstantin Ostrojskiy nomidagi (LITPOLUKRBRIG) Litva—Polsha—Ukraina brigadasiga tegishli. Brigada 2009 yilgi uch tomonlama kelishuvga muvofiq tuzilgan va BMT Xavfsizlik Kengashi mandati ostidagi xalqaro operatsiyalarda ishtirok etish uchun mo‘ljallangan.
Aprel oyida brigada ham o‘z veb-saytiga xabar joylashtirdi: “Litva—Polsha—Ukraina brigadasi hech kimni ishga qabul qilmayapti. Biz sizni tasdiqlangan va ishonchli manbalardan foydalanishga chaqiramiz”.
Polsha “Vagner” bo‘linmalarining Belarusga joylashtirilishi munosabati bilan iyul oyi boshida o‘zining sharqiy chegaralarini mustahkamlashni boshladi. Polsha armiyasi bosh qo‘mondonligi ma’lum qilishicha, Belarus bilan chegaraga yaqin Podlase viloyatiga 1 ming askar va 200 ga yaqin texnika yuborilishi rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!