20:10 / 21.07.2023
311

Putinni ayovsiz tanqidchisi Igor Strelkov Moskvada qo‘lga olindi

Putinni ayovsiz tanqidchisi Igor Strelkov Moskvada qo‘lga olindi

Foto: Reuters

Rossiya nashrlari FXXning iste’fodagi ofitseri, «DXR» sobiq mudofaa vaziri Igor Strelkov qo‘lga olinganini yozmoqda. Bu ma’lumot Strelkovning Telegram-kanalida ham tasdiqlandi.

Avvaliga RBK nashri huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi ikki manbasi va uning advokatiga tayanib, Igor Strelkov (Girkin) qo‘lga olinganini xabar qildi. Unda yozilishicha, 21 iyul kuni tush vaqtida FXXning iste’fodagi ofitseri va o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «DXR»ning sobiq mudofaa vazirini uyidan olib ketishgan. Uning kvartirasida tintuv ishlari olib borilmoqda.

Strelkovning qo‘lga olinganini uning rafiqasi Miroslava Reginskaya ham tasdiqlagan. Uning bayonoti Strelkovning kanalida e’lon qilindi.

«Bugun soat 11:30 lar atrofida Tergov qo‘mitasi vakillari uyimizga kelishgan, men bu vaqtda uyda emasdim. Qorovulning aytishicha, erimni noma’lum tomonga olib ketishgan. Do‘stlarim orqali erimga jinoyat kodeksining 282-moddasi (ekstremizm) bo‘yicha ayb qo‘yilayotganini aniqladim. Uning qayerda ekanini bilmayman, haligacha aloqaga chiqqani yo‘q», degan ayol Strelkovning kanalida e’lon qilingan bayonotda.

RBK manbasiga ko‘ra, Strelkovni «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi sobiq xodimining arizasiga ko‘ra qo‘lga olishgan.

Putinni ko‘p tanqid qilayotgandi

Igor Strelkov «Novorossiya» harakatining eng faol vakillaridan hisoblanadi va Rossiyaning Ukrainaga bosqinini faol qo‘llaydi. U urush boshlanganidan buyon Rossiya rahbariyatini yetarlicha keskin harakat qilmaslikda ayblab keladi. Oxirgi vaqtlarda Strelkov to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya prezidenti Putinni tanqid qilayotgan, ommaviy uchrashuvlarida ham prezident iste’foga chiqishi kerakligini aytayotgandi.

Shuningdek, Strelkov «Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojin bilan ham dahanaki jangga kirishgandi. Ayniqsa Prigojinning amalga oshmagan isyonidan keyin Strelkov favqulodda faollik bilan «Vagner»ni tanqid qilishga tushdi.

2022 yil noyabr oyida Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi Strelkovni 2014 yil Donbassda urib tushirilgan Malayziyaning «Boing» samolyoti bo‘yicha ishda aybdor deb topgandi. Haaga sudi Strelkovni sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan.

Kvachkovdan keyin

Strelkov qo‘lga olingani haqida xabar chiqqanidan bir necha kun avval Rossiyada mamlakat bosh razvedka tashkiloti bo‘lmish Bosh razvedka boshqarmasi (GRU) iste’fodagi polkovnigi Vladimir Kvachkov ham qo‘lga olingandi. Ular ikkisi Strelkov bilan birga «G‘azabdagi vatanparvarlar klubi»ni tuzib, urush boshidan buyon Rossiyaning frontdagi harakatlarini tanqid qilib kelayotgandi.

«Endi urushni qo‘llayotganlarga yetib kelishdi»

BBC maxsus muxbiri Ilya Barabanov Strelkovning qo‘lga olinishini izohladi.

«Strelkov 2014 yil Ukraina sharqida qilgan ishlari uchun teginib bo‘lmas odamdek qaralardi. Aftidan, FSB ofitseriga teginmaslik buyrug‘i juda yuqoridan kelgan. Axir u shaxsan Putinni ham tanqid qilib kelayotgan, 8,5 yilga qamalgan Ilya Yashin yoki 7 yilga qamalgan deputat Aleksey Gorinovdan keskinroq tanqidlar bildirayotgandi.

Avvaliga Rossiya hukumati urushga qarshilarni ushlab qamayotgandi, endi esa navbat urushni qo‘llaydiganlarga ham yetib kelgan ko‘rinadi. «Vagner» isyonidan keyin Rossiya hukumati avvalgi tizim yaxshi ishlamayotganini tushunib yetdi va endi boshqacha harakat qilishga o‘tgan ko‘rinadi», deydi Barabanov.

«Prigojin isyonining oqibatlaridan biri»

Siyosatchi Tatyana Stanovaya o‘z telegram-kanalida Strelkovning qo‘lga olinishi haqida post qoldirdi.

«Rossiya Mudofaa vazirligi, Shoygu va Putinning eng ashaddiy tanqidchilaridan biri bo‘lmish Strelkovni qo‘lga olishdi. Ular buni juda uzoq kutishdi. Strelkov mavjud qizil chiziqlarning barchasini kesib o‘tib bo‘lgan, maxsus xizmatlarning uni qo‘lga olishga sabri chidamayotgandi.

Unga qarshi sobiq «Vagner» komandiri ariza yozgani esa hozir qandaydir ahamiyat kasb etmaydi.
Uning qo‘lga olinishi mudofaa vazirligi foydasiga xizmat qiladi. Va bu Prigojin isyonining oqibatlaridan biri bo‘ldi. Ya’ni armiya o‘z tanqidchilariga bosim qilishga qo‘shimcha vakolat olganini ochiqchasiga ko‘rsatdi. Ommaviy qo‘lga olishlar boshlanib ketishiga ishonmayman, ammo qolganlar o‘zini tiyib olishi uchun eng radikallarni qo‘lga olish ham kifoya qiladi», deb yozdi u.

Donbassdagi urush va Prigojin bilan ziddiyat

2014 yil FSB iste’fodagi polkovniki Igor Strelkov Ukraina sharqidagi harbiy harakatlarda faol qatnashgandi. O‘zining aytishicha, 2022 yil fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin bir necha marta frontga borishga harakat qilgan, ammo barcha harakatlari besamar ketgan.

«Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin bilan ham dahanaki jangga borgan Strelkov uni ko‘p marta haqorat ham qilgan. Prigojinning isyonidan keyin Strelkov uni vatan xoini deb atay boshladi. U isyondan keyin ham Prigojin bilan ishlashda davom etgan «Vagner» komandirlarini ham xiyonatda aybladi.

Strelkov 9 iyul kuni Peterburgda vagnerchilar isyoni bo‘yicha ma’ruza qilishga chog‘langandi. Leksiya joyi sifatida ultrao‘ngchilar orasida mashhur «Listva» kitob do‘koni tanlandi. Ammo politsiya bu tadbirni bekor qildi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putinni ayovsiz tanqidchisi Igor Strelkov Moskvada qo‘lga olindi
ePN