11:30 / 23.07.2023
287

Falastin ozodligi: Xalqaro doirada taklif qilingan yechimlar

Falastin ozodligi: Xalqaro doirada taklif qilingan yechimlar

Yaqinda Xitoy Falastin muammosini hal qilishda o‘z takliflarini ilgari surganidan ko‘pchilikning xabari bor. Kun.uz shu munosabat bilan Arab-Isroil mojarosini hal etish uchun turli davrlarda xalqaro hamjamiyatga taqdim etilgan bir nechta loyihalarni eslab o‘tadi.

1967 yildagi olti kunlik urushda Isroil bir qancha yangi hududlarni Suriya, Misr va Iordaniyadan tortib oldi. 1973 yilda sodir bo‘lgan Arab-Isroil urushidan keyin Isroilga qarshi bo‘lgan Misr, Suriya va Iordaniya kabi davlatlar Tel-Aviv bilan mavjud masalalarini o‘zlari hal qilish yo‘liga o‘tishdi. Shu davrdan boshlab Arab-Isroil mojarosi amalda Isroil-Falastin muammosi shakliga o‘tdi.

Ayniqsa, Sharqiy Quddus nazorati Isroilga o‘tgach, Isroilga nisbatan musulmon davlatlarining aksariyatida salbiy kayfiyat uyg‘ondi. 50 yildan ortiq vaqt davomida Arab va musulmon dunyosi Isroilning 1967 yilgi chegaralariga qaytishi kerakligini aytib kelmoqda.

Bu davrda masala yechimi sifatida bir qator takliflar xalqaro kun tartibiga qo‘yildi.

1. Qirol Husaynning federatsiya rejasi

Iordaniya qiroli Husayn tomonidan 1972 yil 15 martda Iordaniya Assambleyasidagi nutqi chog‘ida taklif qilingan bo‘lib, agar Isroil Sharqiy Quddus ustidan nazoratni Iordaniyaga topshirsa, Birlashgan Arab Qirolligi nomi ostidagi Iordaniya-Falastin federatsiyasini tashkil etishni maqsad qilgan edi.

Unga ko‘ra, Sharqiy Quddus Falastin federal okrugining poytaxtiga aylanadi. Husaynning taklifi reja e’lon qilinganidan so‘ng ko‘p manfaatdor tomonlar tomonidan rad etildi.

1972 yil 15 martda Iordaniya qiroli Husayn ikki federal okrug: Iordaniya Hoshimiylar qirolligi va poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan Falastin federal okrugi federatsiyasi sifatida Birlashgan Arab Qirolligini Iordaniya nazoratidagi G‘arbiy sohilda tashkil etishni taklif qildi. Taklifga ko‘ra, federatsiyaning ikki hududi Ammandagi markaziy hukumat tomonidan boshqariladi.

Oxir-oqibat, qirol Husaynning taklifi Isroil va Falastin ozodligi tashkiloti tomonidan rad etildi va boshqa arab davlatlari bu rejaga qarshi chiqdi.

2. Fahd rejasi

Isroil-Falastin mojarosini hal qilishni taklif qilgan Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Fahd ibn Abdulaziz sharafiga nomlangan. 1981 yil 7 avgustda Arab Ligasiga taqdim etilgan Fahd rejasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining 242 va 338 rezolyutsiyalari qoidalariga asoslanib, 8 banddan iborat edi:

1) Isroilning 1967 yilda bosib olingan arab hududlaridan, shu jumladan Sharqiy Quddusdan chekinishi;

2) Isroilning 1967 yilgi chegaralaridan tashqaridagi barcha isroillik aholi punktlarini demontaj qilish;

3) diniy erkinlikning kafolati;

4) Falastin xalqining qaytish huquqi va o‘z mamlakatiga qaytishni istamagan har qanday falastinlik uchun tovon to‘lash huquqini tan olish;

5) G‘arbiy sohil va g‘azo sektorini qisqa o‘tish davriga BMT boshqaruviga berish;

6) Sharqiy Quddus poytaxti bo‘lgan Falastin davlatini yaratish;

7) Mintaqadagi har bir davlatning tinch-totuv yashash huquqini tan olish (boshqacha aytganda, Isroilni barcha arab davlatlari tomonidan bilvosita tan olish);

8) BMT yoki bir nechta a’zo davlatlarning ushbu tamoyillar bajarilishini kafolatlashi.

Reja ko‘pchilik arab davlatlari tomonidan ishtiyoqsiz kutib olindi, lekin Marokash qiroli Hasan II hamda Saudiya Arabistoni valiahl shahzodasi Fahd tomonidan ilgari surildi va 1982 yil sentyabr oyida Fezda (Marokash) bo‘lib o‘tgan sammitda Arab Davlatlari Ligasi tomonidan rasman qabul qilindi.

3. Donald Trampning “asr kelishuvi”

"Asr kelishuvi" amalga oshishi bilan Falastinning maydonini ikki baravar ortishi va mamlakatda 1 millionga yaqin ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan edi.

Falastinliklar Isroilga qarshi terrorni hamda HAMASni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi kerak. Trampga ko‘ra, bu Falastinning to‘liq huquqli davlatni shakllantirish uchun so‘nggi imkoniyat edi.

Kelishuvda, xususan, G‘azo sektori va G‘arbiy sohildagi yahudiylar yashaydigan hududlardan tashqarida Yangi Falastin deb ataluvchi yangi davlat barpo etilishi ko‘zda tutilgan. G‘arbiy sohildagi yahudiylar yashaydigan joylar esa hozirgidek Isroilning nazoratida qoladi.

Quddus Isroil va Yangi Falastin o‘rtasida bo‘linmaydi, biroq har ikki davlatning poytaxti bo‘ladi. Quddusda yashaydigan arablarga Yangi Falastin fuqaroligi beriladi. Yahudiylarga arablardan, arablarga esa yahudiylardan uy olishiga ruxsat etilmaydi. Quddusga yangi hududlar qo‘shilmaydi.

Taklifga ko‘ra, kelishuvning amalga oshirilishini AQSH, Yevropa Ittifoqi va Fors ko‘rfazidagi neft eksport qiluvchi davlatlar moliyalashtiradi. Qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar Yangi Falastindagi milliy loyihalar uchun 5 yil davomida 30 milliard dollar ajratadi.

Mablag‘ning 20 foizini AQSH, 10 foizini Yevropa Ittifoqi, 70 foizini esa Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari berishi nazarda tutilgan edi.

Yangi Falastin davlati o‘z armiyasiga ega bo‘lmaydi, faqatgina politsiyaga yengil qurollar beriladi. Yangi Falastin davlatiga tashqaridan hujum bo‘lgan taqdirda uni Isroil himoya qiladi.

Agar Isroil “Asr kelishuvi”ga e’tiroz bildirsa, AQSH unga moliyaviy yordamni to‘xtatishi belgilab qo‘yilgan edi.

4. Falastin-Isriol muammosini hal etishga qaratilgan XXR rejasi

Xitoy ilgari surayotgan yechimga ko‘ra:

1. Falastin muammosining asosiy yechimi 1967 yilgi chegaralarga asoslangan va to‘liq suverenitetga ega bo‘lgan, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini yaratish;

2. Falastin iqtisodining ehtiyojlari va xalqining turmush tarzi kafolatlanishi, xalqaro hamjamiyat Falastinga ham humanitar, ham uning rivojlanishiga qaratilgan yordamni oshirishi;

3. Tinchlik muzokaralarining to‘g‘ri yo‘nalishda olib borish. Quddus diniy ziyoratgohlarining tarixiy status-kvosini hurmat qilish, haddan tashqari va provokatsion so‘z va xatti-harakatlardan voz kechish, tinchlik o‘rnatish uchun yanada yirik, nufuzli xalqaro konferensiyalarni chaqirishga ko‘maklashish.

4. Tinchlik muzokaralarini qayta boshlash uchun shart-sharoitlar yaratish va ikki davlatga (Falastin va Isroil) tinch-totuv yashashiga yordam berish uchun amaliy sa’y-harakatlarni amalga oshirish;

Shuningdek, Xitoy Falastin tomonidan ichki yarashuvga erishish va tinchlik muzokaralarini ilgari surishda faol rol o‘ynashga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Biroq shu kungacha taklif etilgan birorta kelishuv oxirigacha amalga oshmagan va Falastin tuproqlari haligacha dunyoning qaynoq nuqtalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Habibulloxon Azimov,
Normuhammad Ali


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Falastin ozodligi: Xalqaro doirada taklif qilingan yechimlar
ePN