18:24 / 29.07.2023
562

Ukraina Rossiya pozitsiyalarini Shimoliy Koreya snaryadlari bilan o‘qqa tutmoqda

Ukraina Rossiya pozitsiyalarini Shimoliy Koreya snaryadlari bilan o‘qqa tutmoqda

Foto: Reuters

Ukraina artilleriyasi Rossiya pozitsiyalariga zarba berish uchun Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan o‘q-dorilardan foydalanmoqda, deb xabar berdi Financial Times.

Ukraina KXDR snaryadlarini ishlatayotgani haqida ilgari hech qayerda ma’lum qilmagan, bunday snaryadlar bilan Baxmut yaqinidagi “Grad” yoppasiga o‘t ochuvchi sovet reaktiv tizimlaridan o‘t ochayotgan harbiylar ularni jurnalistlarga ko‘rsatgan.

Belgilarga qaraganda, bu o‘q-dorilarning aksariyati 1980—1990 yillarda ishlab chiqarilgan, deb yozadi FT.

Foto: Getty Images

Artilleriya bo‘linmasi qo‘mondoni jurnalistlarga Shimoliy Koreya snaryadlari ko‘pincha noto‘g‘ri yo‘nalishda o‘q uzishi yoki portlamay qolishini aytdi. Yana bir harbiy ofitser jurnalistlarni raketa otish moslamasiga yaqin kelmaslik haqida ogohlantirdi, chunki Shimoliy Koreya o‘qlari “juda ishonchsiz va ba’zida ahmoqona harakatlar ko‘rsatadi”. Shunga qaramay, Ukraina harbiylari ulardan foydalanishda davom etmoqda.

 “Qo‘limizga tushgan har qanday raketa bizga zarur”, — dedi bo‘linma qo‘mondoni.

Ukraina harbiylari bu o‘q-dorilarni qayerdan olgani noma’lum. Shimoliy Koreya urushda Rossiyaning kam sonli ittifoqchilaridan biri sanaladi, shuning uchun KXDRning o‘zi Ukrainaga o‘q-dorilar yetkazib bergan bo‘lishi dargumon. Harbiylarning jurnalistlarga aytishicha, snaryadlar “do‘st” davlat kemasidan olingan. Shu bilan birga, Ukraina Mudofaa vazirligi vakili Shimoliy Koreya raketalari o‘lja qilib olingan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

25 iyul kuni Sergey Shoygu boshchiligidagi Rossiya Mudofaa vazirligi delegatsiyasi Koreya urushidagi sulhning 70 yilligi munosabati bilan Shimoliy Koreyaga borgan edi. Tashrif davomida vazir Kim Chen In bilan “global va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini” muhokama qildi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Shimoliy Koreya doimiy ravishda Moskva pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab keladi. Shimoliy Koreya BMTda Rossiyani qoralovchi rezolyutsiyalarga qarshi ovoz berdi, shuningdek, Ukrainaning anneksiya qilingan hududlaridagi “referendumlar” natijalarini rasman qo‘llab-quvvatlagan dunyodagi yagona bo‘ldi.

Amerika ommaviy axborot vositalari razvedka manbalariga tayanib, Moskva Pxenyan dan o‘q-dorilar sotib olayotgani haqida bir necha bor yozgan. Shimoliy Koreya buni rasman rad etgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina Rossiya pozitsiyalarini Shimoliy Koreya snaryadlari bilan o‘qqa tutmoqda
ePN