Foto: Maxim Guchek/BELTA/AFP via Getty Images
Polsha Belarusdan vertolyotlarning o‘z havo hududiga kirishini o‘ta xavfli deb atadi. Varshava kelajakda provokatsiyalar takrorlansa, shunga mos javob qaytarishga va’da berdi.
Polsha Mudofaa vazirligi Belarus vertolyotlari tomonidan Polsha havo hududining buzilishini Polsha va NATO sharqiy qanotiga qarshi ataylab qilingan provokatsiya sifatida baholaydi. «Bu o‘ta xavfli. Agar shunday vaziyatlar davom etaversa va keskinlik kuchaysa, unda potensial tahdidga munosabatimiz mutanosib bo‘ladi», - deya ogohlantirdi Polsha mudofaa vaziri o‘rinbosari Voysex Skurkevich 2 avgust, chorshanba kuni Polsha radiosiga bergan intervyusida.
Varshavadagi harbiy idora 1 avgust oqshomida sinchkovlik bilan tekshirilgandan so‘ng, qo‘shni Belarusdan kelgan jangovar vertolyotlar o‘sha kuni ertalab Polsha havo hududi orqali Beloveji viloyatidan o‘tganini tasdiqladi. Polsha bu voqea haqida NATOni xabardor qildi va Belarus bilan chegaraga qo‘shimcha qo‘shin yuborishga qaror qildi. Skurkevichning so‘zlariga ko‘ra, chegaraga qo‘shimcha vertolyotlar ham joylashtiriladi.
Belarus Mudofaa vazirligi Polsha havo hududini buzish bo‘yicha ayblovlarni rad etdi.
Polshada Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining Belarusdagi yollanma askarlari faoliyatidan xavotirlar kuchaymoqda. «Biz provokatsiyalarni kutayotganimizni aytdik va bu qisqa muddatli provokatsiyaga aylandi», - dedi Polsha ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Machey Vasik. U Belarus hududida oldingi yillarda ham provokatsiyalar sodir bo‘lganini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!