date
views 181

Shveysariyada kassir ayol 1 mln dollardan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlagani fosh bo‘ldi

Shveysariyada kassir ayol 1 mln dollardan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlagani fosh bo‘ldi
Foto: AP

Shveysariyaning Bazel shahri yaqinidagi Beyeler Foundation san’at muzeyi kassiri 1 million dollardan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlab o‘zlashtirib yuborgani bo‘yicha aybdor deb topildi. Bu haqida The New York Times xabar berdi.

U muzeyga tashrif buyuruvchilar tomonidan sotib olingan chiptalar pullarini yoniga olib qolish orqali bu o‘g‘rilikni amalga oshirib borgan. 4 avgust kuni sud kassir ayolni aybdor deb topgan.

Ism-sharifi sir tutilgan 54 yoshli kassir ayol 2008–2019 yillarda muzey kassasidan 1,1 million dollardan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirish uchun turli nayranglarni ishlatgan.

«Sizni fosh qilishmaganida, ehtimolki, hozir ham xuddi shu tarzda davom etayotgan bo‘lardingiz», — degan sud ishiga raislik qilgan sudya Marciya Shtuki.

Kassir ayolga 3 yil-u 7 oylik qamoq jazosi hamda 3600 dollar jarima jazosi tayinlagan. Shuningdek, o‘g‘irlangan pullarni ham muzeyga qaytarish majburiyati yuklangan.

U buni qanday uddalagan?

Kassir shubha-gumonga sabab bo‘lmaslik, ichki nazoratni chetlab o‘tish uchun bir nechta hiyla-nayrangdan foydalangan.

Jumladan, u chiptalar sotuvida kompyuter tizimi ishdan chiqqan vaqtdan unumli foydalangan. Ayol tizim ishdan chiqqan vaqtlarda qo‘lda sotilishi belgilangan chiptalarni o‘zida saqlab yurgan. Vaqti kelganda ularni naqdga sotib, pulini o‘zida qoldiravergan.

Shuningdek, u bitta chiptani ikki marta sotish usulini ham o‘ylab topgan. Avvaliga haqiqiy biletni sotgan, ikkinchi martada bo‘lsa, u to‘lov uchun kvitansiyani berib, chipta chiqaradigan printer ishlamayotganini bahona qilgan. Bu esa kassir ayolga yaxshigina miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirishga yordam bergan.

Ayol 2019 yilda firibgarlikda ayblanadi. U hamkasblari tomonidan sotilgan chiptalarni bekor qilib, zararni qoplab beradi. Biroq kassirning hamkasblaridan biri bekor qilingan chiptalarda ayolning husnixatini tanib qoladi. Bu o‘z navbatida ichki nazorat vaqtida tekshiruvchilarda shubha keltirib chiqaradi.

Bazel prokuraturasi ayolning bankdagi hisob raqamini tekshirib, tahlil qilib chiqadi. Ayol bankdagi hisobidan yiliga 170 ming dollargacha mablag‘ olgani ma’lum bo‘ladi. Rasmiylarga ko‘ra, kassir o‘g‘rilikni 2008 yil avgustida, ishga kelgan vaqtidan boshlagan. 2012 yilda esa u muzey kassiri lavozimiga o‘tgan. Firibgarlik shu tarzda davom etgan.

Qayd etilishicha, kassir ayolning o‘g‘riligi chiptalardan tushgan umumiy daromadning 1 foiziga teng bo‘lgan.

Beyeler Foundation Shveysariyadagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan muzeylardan biri hisoblanadi. Katta yoshlilar uchun kirish chiptasi narxi 29 dollarni tashkil qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda muzeyga 364 ming kishi tashrif buyurgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shveysariyada kassir ayol 1 mln dollardan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlagani fosh bo‘ldi