Foto: RIA Novosti
Ayni paytda Maxachqal’adagi portlashda halok bo‘lganlardan faqat yetti nafarining shaxsi aniqlandi. Bu haqda Mash telegram-kanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, ular orasida ikki bola bor: 5 yoshli qiz va 10 yoshli o‘g‘il bola.
Mash ma’lumotiga ko‘ra, bir nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. U 1990 yilda tug‘ilgan N.R. ekani aytiladi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu borada hozircha rasmiy ma’lumot e’lon qilgani yo‘q.
Dog‘iston respublikasi markazi Maxachqal’a shahrida yonilg‘i quyish shoxobchasida yuz bergan kuchli portlash oqibatida kamida 35 kishi halok bo‘ldi.
Shot Telegram-kanali FVVdagi manbasiga tayanib yozishicha, portlash to‘lqini tufayli yonayotgan yonilg‘i alanga ichida qolgan avtoservisni ko‘rish uchun kelgan va undan 50 metr radiusda bo‘lgan odamlarga yopirilgan. Mash Telegram-kanali mahalliy aholiga tayanib, portlash oqibatida odamlar bo‘lgan avtobus butunlay yonib ketganini da’vo qilmoqda.
Mash'ning yozishicha, yonilg‘i quyish shoxobchasi hududida birorta ham o‘t o‘chirish gidranti ishlamagan, yong‘inni o‘chirish uchun suv qo‘shni hududlardan olib kelingan, jabrlanganlar mahalliy aholi tomonidan shifoxonalarga yetkazilgan.
Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlarning bir qismi keyin boshqa tibbiyot muassasalariga o‘tkazilgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ahvoli o‘ta og‘ir bemorlarni Moskvaga olib borish uchun Maxachqal’aga maxsus samolyot yubordi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!