
Uning ortidan qishloq egallangani haqidagi ma'lumotni Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi rasmiysi Andrey Kovalev ham tasdiqladi.
Rossiya qismlari avvalroq boy berilgan Staromayorskedan sharqda joylashgan Urojayne posyolkasini tashlab chiqqani haqida rossiyalik Z-blogerlar oʻtgan hafta oxirlaridayoq yoza boshlagandi, ammo bu ma'lumot bugungi kunga qadar rasman tasdiqlanmagandi.
Urojayne — Mokrie Yali daryosi vodiysida, oʻtgan yili Rossiya qoʻshinlari Zaporijjya va Donetsk oblastlari tutashgan hududda Ukraina mudofaasi ichkarisiga kirish orqali hosil qilgan hamda Ukraina qurolli kuchlariga qanotlardan muammo tugʻdirib turgan Vremivka boʻrtigʻida joylashgan qishloqlardan biri hisoblanadi.
Endilikda Vremivka boʻrtigʻi ortiq mavjud emas — bu hudud Ukraina armiyasining yozgi yurishi davomida toʻliq uzib tashlandi; qolaversa, endi Ukraina qurolli kuchlarining oʻzi rossiyaliklarning jangovar tartibiga yorib kirdi va amalda bu uchastkada Rossiya mudofaasining ikkinchi, ya'ni asosiy chizigʻiga etib keldi. Asosiy mudofaa chizigʻining bu yoʻnalishdagi tayanch punkti hisoblangan Staromlinivka qishlogʻi Urojaynedan 2-3 km janubda joylashgan.
Ukraina QK yozgi qarshi hujumi davomida aynan Vremivka boʻrtigʻida eng koʻp aholi yashash manzillarini ozod etgan. Ukrainlar Urojaynedan shimoli-gʻarbdagi Staromayorskeni qaytarib olgani avgust oyi boshida ma'lum boʻlgandi va oʻshanda rossiyalik Z-pabliklar Urojayne mudofaasi uch kundan ortiq bardosh bera olmasligini taxmin qilgandi. Ammo Rossiya qoʻshini zaxiralarini olib kelib, tinimsiz hujumga oʻtgan holda uni yana ikki hafta davomida mudofaa qildi.
Urojayne nimasi bilan muhim?
BBC sharhlovchisi Ilya Abishev
Bu qishloq janub tomon siljiyotgan ukrain qoʻshinlarining chap qanotini himoya qiladi va Staromayorske bilan birgalikda kelgusida Azov dengizi tomon yurish qilish uchun anchagina katta platsdarm tashkil etish imkonini beradi - bu erdan turib turli yoʻnalishlarda hujumga oʻtish mumkin.
Urojaynedan gʻarbroqda joylashgan Priyutne hududida toʻplangan Rossiya qismlarini Staromlinivkadagi asosiy kuchlardan uzib qoʻyish uchun zarba berilishi mumkin. Shuningdek, daryo yoqasi boʻylab Krasnaya Polyana qishlogʻi va keyin Mariupol tomon yurish qilinishi xavfi mavjud. Ukrainlarda boshqa variantlar ham bor.
Shu bilan bir vaqtda Ukraina armiyasi janubiy frontning boshqa uchastkalarida bosim qilishni toʻxtatmayapti. Orixiv va Tokmak oraligʻidagi Rabotine qishlogʻi egallangani haqida ham xabarlar kelmoqda, bu esa Orixiv yoʻnalishida ham Rossiya mudofaasining ikkinchi chizigʻiga etib kelinganini anglatadi. Qolaversa, Zaporijjya shahridan janubda, Dnipro daryosi boʻyidagi Vasilivkaga hujum qilinmoqda va Xerson oblasti hududida daryo boʻyida platsdarmlar tashkil etilmoqda.
Yurish qilish uchun ehtimoliy yoʻnalishlar koʻpaygandan koʻpaymoqda. Ukraina qurolli kuchlari uchun imkoniyatlar oynasi ochilmoqda, bu esa himoyalanayotgan tomon uchun yomon xabar.
Rossiya armiyasi Urojayneni naqadar tirishqoqlik bilan himoya qilgani ham Gerasimovning bosh shtabidagilar harbiy saflar choʻzilishi va mudofaa chiziqlari yorib oʻtilishi xavfi ortganini his qilayotgani koʻrsatadi.
Rossiya qoʻmondonligi front chizigʻini barqarorlashtirish uchun faol mudofaalanib, raqibni chekintirish va u oʻziga kelib olishiga yoʻl qoʻymaslikka yoki hech boʻlmaganda vaqtdan yutishga harakat qilmoqda, ammo buning uchun yangidan yangi kuchlarni, jumladan strategik zaxiralarni jangga tashlash talab etiladi.
Qarshi hujumga oʻtish uchun zarur sharoitlar yoʻqligida bunday mudofaa taktikasi yanada koʻproq resurslarni talab etadi. Zaxira qismlar mavjud, ammo ularning barchasini ham harakatga keltirib boʻlmaydi — ularning ba'zilari boshqa, tanklar uchun xavfli hisoblanadigan yoʻnalishlarni qamrab turibdi, boshqalari eng muhim vazifalarni bajarishga layoqatli emas, yana boshqalari esa qora kun uchun asrab turiladi.
Ammo resurslar hujum qilayotgan tomon uchun ham zarur

Ukraina qurolli kuchlarining kichik guruhlar bilan Rossiyaning oʻt ochish pozitsiyalarini ochish va ularni aniq nishonlarga ega artilleriyaning samarali zarbalari bilan bostirish taktikasi qaysidir ma'noda «Vagner» XHKning Baxmut uchun janglardagi uslubini yodga solib yuboradi.
Ammo vagnerchilar frontning tor uchastkasida harakat qilgan boʻlsa, ukrain qismlari ancha keng front boʻylab Rossiya mudofaa tartibini buzishga harakat qilmoqda.
Koʻrinib turibdiki, hujum qilishning ikkinchi varianti afzalroq, ammo har ikki holatda ham hujum qilayotgan tomonning katta yoʻqotishlari muqarrar boʻladi.
Yoppasiga hujum qilinganda yoʻqotishlar soni koʻproq boʻlishi ham mumkin — va muvaffaqiyat kafolatlanmagan holda.
Bunday xarakterdagi harbiy harakatlarda eng muhimi - harbiy amaliyotning hal qiluvchi bosqichi arafasida tomonlar qanday kuchlar muvozanati hosil qilganida boʻladi. Bunda gap faqat kimda koʻproq kuch borligida emas, balki askarlarning ruhiy holati va boshqa koʻplab omillar ham muhim.
Buni esa faqat dohiyona bosh shtab aniq hisoblay olishi mumkin. Va doim ham emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!