Foto: Kommersant’
Rossiyalik harbiy, iste’fodagi FSB polkovnigi Igor Strelkovning (Girkin) qamoqxonada qo‘li ishlamay boshlagan. Bu haqda uning xotini Miroslava Reginskaya xabar qilgan.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, qamoqxonada Strelkovning salomatligi yomonlashgan, qo‘li ishlamay boshlagan va nafas olishi qiyinlashgan.
«Uni haligacha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishmagan. Nega bunday qilishayotganidan hayratdaman. Buni erimni mazax qilish deb tushunaman va bunday holatga rozi bo‘lmoqchi emasman», degan Reginskaya.
2014 yil Ukraina sharqidagi harbiy harakatlar boshlanishida asosiy odamlardan biri bo‘lgan Igor Strelkov 21 iyul kuni Moskvada qo‘lga olingandi. Uni odamlarni ekstremizmga chorlashda ayblab qo‘lga olishgan. Strelkov oxirgi vaqtlarda urushda yetarlicha keskin harakat qilmayotgani uchun Rossiya hukumati va xususan prezident Putinni tanqid qilib kelayotgandi.
Strelkov «Novorossiya» harakatining faol vakillaridan biri va Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llab-quvvatlaydi. U 2014 yil o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» mudofaa vaziri bo‘lganini e’lon qilgandi. Strelkov 2022 yil fevralda boshlangan bosqinda ishtirok etishga ham urinib ko‘rgan, lekin uning frontga borishiga ruxsat berishmagandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!