Foto: Jose Jacome/EPA/TASS
O‘ldirilgan Fernando Vilyavisensio o‘rniga «Construye» harakatidan Ekvador prezidentligiga yangi nomzod bo‘lgan Kristian Surita saylov uchastkasiga o‘q o‘tkazmaydigan jilet va dubulg‘a kiygan holda keldi.
Foto: Omer Observer
Ovoz bergach, siyosatchi qurollangan politsiyachilar hamrohligida saylov uchastkasini tark etdi.
Foto: Yahoo News
Qolgan nomzodlar ham kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida ovoz berishdi, biroq zirhli kiyimlardan foydalanishmadi.
20 avgust kuni Ekvadorda muddatidan oldin prezidentlik va parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Oliy davlat lavozimiga sakkiz nomzod da’vogarlik qilmoqda.
Foto: El-Pais
Xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat og‘ir bo‘lsa-da, saylov uchastkalari ochilganidan keyingi dastlabki uch soat ichida saylovchilarning 20 foizi ishtirok etgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Construye» harakatidan Ekvador prezidentligiga nomzod Fernando Vilyavisensio 9 avgust kuni poytaxt Kito shahrida bo‘lib o‘tgan mitingdan keyin otib o‘ldirilgan, shundan so‘ng, Ekvadorning amaldagi prezidenti Gilermo Lasso davlat miqyosida favqulodda holat e’lon qilgan edi.
Ekvadorda bir haftada ikki siyosatchi otib o‘ldirildi
9-avgust kuni kechqurun Ekvador poytaxti Kitoda noma’lum shaxslar saylovoldi tashviqoti tadbiridan so‘ng mashinaga o‘tirgan Vilyavisensioning boshiga uch marta o‘q uzdi. U tiriklik belgilarisiz klinikaga olib ketildi, so‘ng vafot etgani e’lon qilindi.
Otishmada yana to‘qqiz kishi jarohat olgan, hujumchi ham o‘ldirilgan. Respublikada 60 kunga favqulodda holat joriy etildi. Voqeadan so‘ng prezidentlikka nomzodlarning yetti nafaridan besh nafari saylovoldi tashviqotini to‘xtatganini e’lon qildi.
15-avgust kuni Esmeraldas provinsiyasidagi “Fuqarolik inqilobi” siyosiy harakati yetakchisi Pedro Briones uyi yaqinida noma’lum shaxslar tomonidan otib ketildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!