
SpaceX asoschisi va Twitter egasi Ilon Mask Pentagon rasmiylariga Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan shaxsan gaplashganini aytdi. Bu haqda The New Yorker nashri xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Ilon Mask AQSH xavfsizligi va farovonligi uchun ajralmas shaxs bo‘lib bormoqda, bu esa Oq uy va Pentagonni tobora xavotirga solmoqda. Jumladan, milliarder Ukrainaga qarshi hujumdan keyin Putin bilan gaplashgani ma’lum bo‘ldi.
Starlink Ukrainaga rus bosqinining boshlanishidan ko‘p o‘tmay joylashtirildi. Undan foydalanish qisman G‘arb davlatlari va SpaceX’ning o‘zi tomonidan to‘lanadi.
Ukraina rasmiylari Kremlning infratuzilmaga qilgan kiberhujumlaridan keyin Starlink terminallaridan foydalanishga qaror qilgan.
Starlink’ni Ukrainaga olib kelishda ishtirok etgan uch kishining so‘zlariga ko‘ra, dastlab ular Maskning sun’iy yo‘ldosh aloqalari ustidan shaxsiy nazorati qanchalik yuqoriligi haqida o‘ylamagan.
The New Yorker ta’kidlashicha, 2022 yilning kuziga kelib, Mask o‘z texnologiyasi urush uchun qo‘llanilayotganidan tobora ko‘proq tashvishlana boshladi.
Sentabr oyida Kolorado shtatining Aspen shahrida bo‘lib o‘tgan anjumanda Mask “hatto Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlashini bildirgandek bo‘ldi”. U sahnada shunday dedi:
Bir hafta o‘tgach, Mask o‘zining “tinchlik rejasi”ni taqdim etgan. Milliarder Qrim Rossiya nazorati ostida qolishi va Ukrainaning bosib olingan hududlarida yangi saylov o‘tkazilishini taxmin qilgan. Oktabr oyida Ukraina janubida jang qilayotgan ukrain qo‘shinlari Starlink aloqasi uzilishiga duch kelgan.
AQSH Mudofaa vazirligining yuqori martabali mulozimining aytishicha, vazirlik muammoni qanday hal qilish bo‘yicha bir necha uchrashuvlar o‘tkazgan. Pentagon Mask shartnomani buzgan paytda unga da’vo qila olmas edi. Shunday qilib, Pentagon SpaceX bilan shartnoma imzolashga qaror qilgan.
Shu sababli Mask bilan telefonda gaplashganda, mudofaa vaziri o‘rinbosari Kolin Kal “hurmat” ko‘rsatgan, Maskka Ukrainani qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan, milliarderning yuqori xarajatlarini tan olgan va shartnomani ishlab chiqish uchun kamida bir necha hafta talab qilgan.
Manbalardan biriga ko‘ra, tadbirkor o‘zining “tinchlik rejasi”ni Twitter’da yozishdan bir necha hafta oldin xuddi shunday bayonot bilan chiqqan. Kreml bilan maslahatlashuvlar muntazam bo‘lib kelgani aytilmoqda.
Pentagonning yuqori martabali amaldori bilan telefon qo‘ng‘irog‘ida Mask Starlink faoliyati xaritasi orqali butun urush qanday kechayotganini ko‘rishini aytgan.
Mask Kalga Rossiya prezidenti bilan suhbat uning tinch maqsadlarda ishlab chiqqan texnologiyasi urushda foydalanilayotgani haqida o‘ylashga majbur qilganini aytgan.
Mudofaa vaziri o‘rinbosari bilan 15 daqiqalik suhbatdan so‘ng Mask Pentagonga ko‘proq vaqt berishga rozi bo‘lgan. Jamoatchilikning noroziligi yuzaga kelganda, milliarder Starlink xizmatini tugatish haqidagi tahdidlarini ham qaytarib olgan.
2023 yil iyun oyi boshida Pentagon SpaceX bilan Ukraina uchun Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimi terminallarini sotib olish va ularning ishlashini ta’minlash bo‘yicha shartnoma imzolagani ma’lum bo‘lgan.