date
views 404

Sud Alisher Usmonovni «Putinning sevimli oligarxi» deb atashni taqiqladi

Sud Alisher Usmonovni «Putinning sevimli oligarxi» deb atashni taqiqladi

Foto: Reuters

Germaniyaning Hamburg hududi sudi tadbirkor Alisher Usmonovning Avstriyaning «Kurier» gazetasiga qarshi da’vo arizasini qanoatlantirdi. Nashr o‘z maqolasida uni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning «sevimli oligarxi» deb atagan edi. Milliarder jurnalistlarni sudga berib, bunday bayonotni tuhmat deb atadi.

Avvalroq, gazeta rossiyalik tadbirkorlar va ularning Ukraina urushidagi roli haqidagi maqola e’lon qildi. Unda Usmonov haqida shunday jumlalar bor: «O‘zbekistonda tug‘ilgan Usmonov «Putinning sevimli oligarxi» degan maqomga ega, Putinning o‘zi unga shunday maqomni bergan».

Tadbirkor bunday bayonotlar o‘z huquqlarini poymol qilishini ta’kidladi. Jurnalistlar sudda Putin Usmonovni «sevimli oligarx» deb ataganiga dalil keltira olmadi.

Avvalroq, Germaniyaning Frankfurt-Mayn okrugi Alisher Usmonov ishi bo‘yicha mamlakat huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan bir qator tintuvlarni noqonuniy deb topdi.

Shundan so‘ng, Alisher Usmonov Germaniya Federal Konstitutsiyaviy sudiga o‘zining «Dilbar» yaxtasida o‘tkazilgan tintuvlar yuzasidan da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Bu ish hozirda ko‘rib chiqilmoqda.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Alisher Usmonov boshqa ko‘plab rossiyalik tadbirkor va siyosatchilar singari Yevropa Ittifoqi, shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Kanada, Avstraliya va boshqa mamlakatlarning sanksiyalari ostida qoldi. Usmonov Yevropa sanksiyalarining sud orqali bekor qilinishiga erishmoqchi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Sud Alisher Usmonovni «Putinning sevimli oligarxi» deb atashni taqiqladi