Foto: Global Look Press
Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas Ukrainada urush boshlanganidan keyin ham turmush o‘rtog‘ining kompaniyasi Rossiyadagi faoliyatini davom ettirgani uchun uzr so‘radi.
Kallasning aytishicha, eri o‘z kompaniyasidagi ulushini “sendvich narxida sotib yuborgan” va shu tariqa “javobgarlikni so‘zda emas, balki harakatlar bilan o‘z zimmasiga olgan”.
Shu bilan birga, Kallas bosh vazirlikdan o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqish niyati yo‘qligini aytdi, muxolifatga esa unga nisbatan ishonchsizlik votumi tashkil etishga urinib ko‘rishni taklif qildi.
Estoniya hukumatidagi mojaro
Kaya Kallas, Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng, doimiy ravishda Rossiyaga nisbatan eng qat’iy pozitsiyani egallab keladi, u Moskva bilan aloqalarni butunlay uzish tarafdori. Estoniya Rossiya fuqarolariga o‘z hududiga kirishni taqiqladi; mamlakatda ko‘plab sovet yodgorliklari ham demontaj qilindi.
24 avgust kuni OAVda Kallasning eri Arvo Hallikning Rossiyada biznesi borligi haqida xabarlar tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, Kallas Rossiyada biznes yurituvchi Stark Logistic transport kompaniyasiga qisman egalik qiladi. Kompaniya urush paytida Rossiya ta’minotidan deyarli 1,5 million yevro ishlab topgan. Hukumat rahbari bu haqda bilmaganini aytdi, ammo prezident Alar Karis jamoatchilikka tushuntirish berishni talab qildi. Muxolifat esa bosh vazir iste’fosini talab qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!