Foto: RFE / RL
Britaniya hukumati Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev oilasining offshor kompaniyalarda ro‘yxatdan o‘tgan, Londondagi 40,3 mln funt sterlingga (taxminan 50 mln dollar) teng mulki haqidagi ma’lumotlarni oshkor qildi. Bu haqda Times xabar berdi.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Buyuk Britaniya rasmiylari tomonidan joriy qilingan yangi qoidalarga ko‘ra, mamlakatda mulkka ega bo‘lgan xorijiy kompaniyalar asl mulkdorni e’lon etishi kerak. Bu Buyuk Britaniyada offshorlar orqali hashamatli qasrlarga ega bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlarni oshkor etish maqsadida qilingan. Ilgari bu ma’lumotlar maxfiy hisoblangan.
Britaniya hukumati reyestriga ko‘ra, Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Dariga London shimolida 9,3 mln funtlik uyga va Chelsida 31 mln funtlik ikkita kvartiraga ega. Mulklar Panamadagi Tropicana Assets Foundation va Villa Magna Foundation kompaniyalariga rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, ta’kidlanishicha, Nazarboyevning kuyovi Timur Quliboyev 2007 yilda shahzoda Endryudan mulkni offshor kompaniyasi orqali 15 mln funt sterlingga sotib olgan. Qulibayev, shuningdek, Hayd-park yaqinidagi 1,5 mln funt sterling qiymatli ko‘chmas mulkka ham ega.
2020 yilda Qozog‘iston sobiq prezidenti oilasining Ispaniya, Fransiya, Shveysariya, AQSH, Chexiya va Buyuk Britaniyada umumiy qiymati kamida 785 mln dollar bo‘lgan uylari va qasrlari borligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Jurnalistlar 6 ta davlatda Nursulton Nazarboyevga aloqador shaxslarga tegishli bo‘lgan 16 ta uchastkani tilga oldilar: akasi Bolat Nazarboyev, uning rafiqasi Mayra Qurmangaliyeva, kuyovi Timur Quliboyev, nabirasining qaynonasi va qaynotasi.
Ikki yil o‘tib, Nazarboyevlar oilasi Zayliy Olatovi etagida 135 gektar maydonda saroy va kottejlarga ega ekanligi haqidagi surishtiruv e’lon qilindi. Qayd qilinishicha, Olmaotadagi Birinchi Prezident bog‘i tepasida sobiq prezidentning o‘zi, uch qizi va jiyani Qayrat Sotiboldining qasr va saroylari qurilgan. Shu yili jurnalistlar Olmaota yaqinidagi tog‘larda Nazarboyevlar urug‘iga tegishli yana 10 ming gektar yerni, shuningdek, Ostonada saroylar va golf klubini topdilar.
2022 yil yanvarida OCCRP Nursulton Nazarboyev faqat o‘ziga bo‘ysunuvchi notijorat tashkilotlar orqali 7,8 mlrd dollarlik aktivlarni tasarruf etishi haqida surishtiruv natijalarini e’lon qildi. Jurnalistlar Qozog‘istonning birinchi prezidenti davlatni to‘rtta xususiy xayriya jamg‘armasi: Nazarboyev fondi, Nursulton Nazarboyev jamg‘armasi, Demeu jamg‘armasi va Elbasi jamg‘armasi orqali nazorat qilishini aniqladi. Shuningdek, siyosatchi ikki bankda, mobil aloqa kompaniyasida ulushga va hashamatli Airbus ACJ320Neo samolyotiga egaligi qayd etildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!