Foto: JONASD EKSTROMER / AFP
Stokholmda Shvetsiya va AQSHga qarshi «keng miqyosdagi noqonuniy razvedka faoliyati»da ayblanayotgan Shvetsiya fuqarosi Sergey Skvorsov ustidan sud boshlandi. Sudning birinchi majlisi 4 sentyabr, dushanba kuni bo‘lib o‘tdi.
60 yoshli Skvorsov g‘arb texnologiyalarini Rossiya armiyasiga berishda ayblanmoqda. Birinchi sud majlisida so‘zga chiqqan prokuror Henrik Olin ayblanuvchini «sotib olish bo‘yicha agent» deb atadi. Skvorsov to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin, uning advokati mijozning aybini rad etdi.
Skvorsov va uning rafiqasi 2022 yilning noyabrida Stokholm chekkasida qo‘lga olingan. Erkak ushlanganidan beri hibsda, uning rafiqasi esa tergovdan so‘ng hech qanday ayblovsiz qo‘yib yuborilgan.
Shvetsiya prokuraturasi Skvorsovni nimada ayblamoqda?
Shvetsiya prokuraturasiga ko‘ra, Skvorsov 2014 yil 1 iyuldan 2022 yil noyabrigacha «maxfiy va firibgarlik vositalaridan foydalangan holda Rossiya davlati manfaatlari yo‘lida ma’lumot olish maqsadida faoliyat olib borgan, bu xorijiy kuch Shvetsiya uchun xavf yaratishi mumkin bo‘lgan».
Skvorsov o‘zining import-eksport biznesidan noqonuniy ravishda ma’lumot olish va «GRU»ga topshirish uchun foydalangan. Shuningdek, u «Rossiya davlati va harbiylari uchun sanksiyalar tufayli ochiq bozorda olish imkoni bo‘lmagan turli buyumlar»ni qanday olish mumkinligi haqidagi ma’lumotlarni to‘plagan. Sergey Skvorsov Shvetsiyada 25 yildan beri yashab kelgan. 2012 yilda u Shvetsiya fuqaroligini oldi.
Sud majlisi 25 sentyabrga belgilangan. Milliy xavfsizlik maqsadida jarayonning bir qismi yopiq eshiklar ortida o‘tadi. Guvohlar orasida, jumladan, Amerika FQB agenti, shuningdek, Shvetsiya razvedka xizmatlari vakillari ham bo‘ladi. Dalillardan biri esa - Rossiya Mudofaa vazirligining Skvorsovga yuborgan elektron maktublari, deb ta’kidlaydi AFP agentligi.