date
views 333

 Putin–Erdo‘g‘an uchrashuvi: Ukrainadagi urushning oxiri ko‘rinmayapti

 Putin–Erdo‘g‘an uchrashuvi: Ukrainadagi urushning oxiri ko‘rinmayapti

4 sentyabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan Erdo‘g‘an va Putin uchrashuvi dunyo siyosiy hamjamiyatining e’tibor markazida bo‘ldi. Lekin uchrashuvda ko‘zlangan natijaga erishilmadi va Rossiyaning don bitimiga qaytishi hozircha amalga oshmadi. Kun.uz muxbiri uchrashuvning muhim nuqtalari haqida siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimovga yuzlandi.

Turkiya va Rossiya prezidentlarining o‘zaro uchrashuvi avvaliga Istanbulda o‘tishi aytilgan edi, lekin davlat rahbarlari Sochida uchrashdi. Buning sababi nima?

Farhod Tolipov: Siyosatda mayda ikir-chikirlar ham ramziy ma’noga ega. Bu o‘zgarishda ham qanaqadir ma’no bordir, degan taxmin qilish mumkin. Faqat taxmin bo‘ladi, chunki bu haqida aniq bayonot yoki izohlar bo‘lmadi. Rossiya bilan bo‘ladigan har qanday jarayonni xohlaymizmi-yo‘qmi, Ukrainadagi urush bilan bog‘laymiz. Asosiy kontekst shunda. Xulosalar shunga qaratiladi.

Menimcha, uchrashuv Turkiya prezidenti tashabbusi bilan bo‘ldi. Qo‘yilgan masala ham Erdo‘g‘an vositachilik qilgan don bitimiga bog‘liq. Erdo‘g‘an masala hal bo‘lishi uchun o‘zi Rossiyaga borishga tayyorligini ko‘rsatgandir ehtimol. Yana bir taxmin: Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi tomonidan chiqarilgan Putinni hibsga olish orderidir. To‘g‘ri, Turkiya bu sudning qarorlarini qabul qilish bo‘yicha hujjatni ratifikatsiya qilmagan. Lekin boshqalardan ajralib, bemalol kelaveringlar, bizda majburiyat yo‘q, desa ham unchalik to‘g‘ri bo‘lmasdi, balki. Turkiyaning xalqaro imijiga ham ta’sir qilardi.

Kamoliddin Rabbimov: Nazarimda, kontekstni saylov davridan boshlashimiz kerak. Turkiyadagi saylovlar paytida rus propagandasi va Kreml to‘laqonli Erdo‘g‘an tarafida bo‘ldi. Ya’ni Qilichdor o‘g‘li hokimiyat tepasiga kelsa, Turkiya to‘laqonli YEI va AQSH tomoniga o‘tib ketishi, natijada Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi kelishuvlar puchga chiqishi mumkin edi. Putin ko‘p qutbli dunyo shakllantirish va Vashington ta’sirini pasaytirishda Erdo‘g‘anni o‘ziga hamfikr deb bilar edi.

Saylovdan keyin esa kutilmaganda Erdo‘g‘an Ukraina manfaatlari yo‘lida bir necha qadamlar tashladi. Bu harakatlar Rossiya manfaatlariga zid bo‘ldi, albatta.

1. Kelishuvga ko‘ra, “Azov” zobitlari Turkiyada ushlab turilishi kerak edi, ammo Ukrainaga qaytarildi.
2. Erdo‘g‘an Turkiya Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
3. Bir yildan beri Shvetsiyaning NATOga kirishiga veto qo‘yib kelayotgan davlat Turkiya edi va endi vetoni olib tashladi.

Shu omillar tufayli Turkiya va Rossiya o‘rtasida shu zahoti sovuqlik paydo bo‘ldi. Rossiya propagandasi Turkiya bizga xiyonat qildi, ortdan pichoq urdi, degan gaplar qildi. Ammo Putin va uning matbuot xizmati jarayonga munosabat bildirmadi, sharhlamadi.

Saylovdan oldin Putin va Erdo‘g‘an uchrashuvi Istanbul yoki Anqarada bo‘lishi aytildi. Ammo saylovdan so‘ng Rossiya o‘z sovuqligini bildirdi, ya’ni bu uchrashuvga bizda zarurat yo‘q edi, demoqchi bo‘ldi. Lekin Turkiya diplomatiyasi imkoniyat izladi. Turkiya Ukraina-Rossiya, Rossiya va kollektiv G‘arb o‘rtasidagi vositachilik maqomini yo‘qotish niyatida emas, lekin oldingi darajada ham emas. Oldin Ukraina va Rossiya o‘rtasida ma’lum bir muvozanat saqlab kelayotgan edi.

Farhod aka aytgandek, uchrashuv joyi o‘zgarishi haqida faqat taxmin aytish mumkin. Menimcha, Putin arazladi. Bu to‘g‘risida o‘zimning maqolalarimda ham yozdim. Chunki u Erdo‘g‘andan Rossiya manfaatlariga zid bunday katta qadamlarni kutmagandi. Lekin ikki tomon bir-birini yaxshi tushunadi, to‘liq ishonmasa-da. Ular o‘rtasida ma’lum bir muloqot tizimi shakllangan. Erdo‘g‘an ham sovuqqonlik bilan Putin bilan uchrashishga imkoniyat izladi. Uchrashuvdan oldin Turkiyaning yangi tashqi ishlar vaziri Lavrov bilan ancha so‘zlashuvlar olib bordi. Mana shu so‘zlashuvda ma’lum bir loyihalar tayyorlangan edi, ammo Putin qo‘l qo‘ymadi.

Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo »  Putin–Erdo‘g‘an uchrashuvi: Ukrainadagi urushning oxiri ko‘rinmayapti