date

Marokashda zilzila qurbonlari soni 630 kishidan oshdi

Marokashda zilzila qurbonlari soni 630 kishidan oshdi

Foto: Abdelhak Balhaki/Reuters

Yevropa Ittifoqi Marokashga kuchli zilzila oqibatlarini bartaraf etishda yordam taklif qildi. 9 sentyabr, shanba kuni ertalab Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel X ijtimoiy tarmog‘ida: «Yevropa Ittifoqi Marokashni ushbu og‘ir damda qo‘llab-quvvatlashga tayyor», deb yozdi va uning fikri barcha jabrlanganlar, shuningdek, fojia joyida ishlayotgan qutqaruvchilar bilan birga ekanligini qo‘shimcha qildi.

Bu vaqtga kelib Marokashdagi zilzila qurbonlari soni 632 kishiga yetdi, deya xabar bermoqda Reuters Marokash ichki ishlar vazirining milliy televideniyedagi chiqishiga tayanib. Tabiiy ofat oqibatida jarohatlanganlar soni 329 nafarni tashkil qildi. Marokash Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 51 kishining ahvoli o‘ta og‘ir holatda.

7,2 magnitudali zilzila

Marokash Milliy geofizika instituti ma’lum qilishicha, bir kun avval mahalliy vaqt bilan soat 23:00 lar atrofida (Toshkent vaqti bilan 9 sentyabr 03:00) 7,2 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan. Zilzila epitsentri Marrakesh-Safi mintaqasida, deya ta’kidladi geofiziklar. AQSH Geologik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila o‘chog‘i 18,5 kilometr chuqurlikda bo‘lgan, magnitudasi esa 6,8 ballni tashkil qilgan.

Yer silkinishlari bir qancha hududlarda sezildi. Guvohlarning xabar berishicha, Marrakeshdagi turli binolar qulagan.

Zilzila mamlakat tarixida so‘nggi 100 yildagi eng kuchlisi bo‘ldi

Marokash Milliy geofizika instituti rahbari Nosir Jabur mahalliy MNA agentligiga bergan intervyusida zilzila epitsentri Marrakeshdan 80 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan Al-Hauz hududida bo‘lganini va yer silkinishlari 400 kilometr radiusda sezilganini aytdi.

«Zilzila mamlakat tarixida so‘nggi 100 yildagi eng kuchlisi bo‘ldi», — dedi Jabur.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kuchli silkinishdan keyin yuzlab yerosti silkinishlari sodir bo‘lgan, ulardan eng kuchlisi 6 magnitudani tashkil qilgan. Aksariyat aftershoklar sezilmagan, deydi u.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Marokashda zilzila qurbonlari soni 630 kishidan oshdi