date
views 338

Fukuyama: Rossiya-Ukraina urushining natijasi butun dunyoga ta’sir qiladi

Fukuyama: Rossiya-Ukraina urushining natijasi butun dunyoga ta’sir qiladi

Foto: AFP 2023 / Boris Horvat

Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan urushi natijalari nafaqat qo‘shni davlatlar va mintaqa, balki butun dunyo uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Bu haqda Stenford universiteti katta ilmiy xodimi Frensis Fukuyama 10 sentyabr kuni Yalta Yevropa strategiyasining (YES) yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan yillik yig‘ilishida ma’lum qildi.

«Ushbu urush natijasiga qarab, boshqa mamlakatlarda ko‘p narsa o‘zgarishi mumkin. Gurjiston, Moldova va Qozog‘iston - agar Rossiya g‘alaba qozonsa, qat’iy tura olsa va egallangan Ukraina hududlarini qo‘lida saqlab qola olsa, bu ushbu davlatlarning har biriga darhol ta’sir qiladi», dedi Fukuyama. Urush oqibatlari Janubi-Sharqiy Osiyoga ham ta’sir qiladi, dedi u.

«Yaqin vaqtgacha mintaqada deyarli hech kim Xitoy Tayvanga qarshi zo‘ravonlik bilan harakat qilishiga va bu mamlakatning demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatini ag‘darib tashlashga qaror qiladi, degan fikrni qabul qilmagan», deb tushuntirdi Fukuyama.

Xuddi shunday, urush natijasi Qo‘shma Shtatlardagi ichki siyosiy vaziyatga ta’sir qiladi, bu yerda o‘ng qanot siyosiy kuchlar vakillari ko‘proq avtoritar modelga yoki «kuchli qo‘l» deb ataladigan pozitsiyaga moyil bo‘lib, o‘z yetakchisini Putin kabi bo‘lishini afzal ko‘radi, deb davom etdi tadqiqotchi.

«Yevropa aksirganda, butun dunyoning burni oqadi»

Xalqaro inqiroz guruhi prezidenti va bosh direktori Komfort Ero Fukuyamaning fikriga qo‘shilib, urush natijasi, shu jumladan Afrika uchun ham hal qiluvchi bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

«Men G‘arbiy Afrikadagi eng katta davlat bo‘lgan Nigeriyadanman. Bizda Nigeriya aksirganda butun G‘arbiy Afrikaning burni oqadi, deyishadi. Xuddi shu narsani Ukraina va uning Yevropa xavfsizlik arxitekturasiga ta’siri haqida ham aytish mumkin. Bu urush oxir-oqibat nafaqat Yevropa, balki butun dunyo uchun ham katta ahamiyatga ega bo‘ladi, chunki Yevropa aksirganda, butun dunyoning burni oqadi», — deya xulosa qildi Ero.

Frensis Fukuyama «Tarixning oxiri va so‘nggi odam» kitobi muallifi sifatida tanilgan, unda u liberal demokratiya dunyoda siyosiy rejim evolyutsiyasining yakuniy shakli bo‘lishini taxmin qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Fukuyama: Rossiya-Ukraina urushining natijasi butun dunyoga ta’sir qiladi