Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi O‘zbekiston fuqarosining 9 bosh qoramolini o‘zlashtirib, uni qaytarib berish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilgan mansabdorni qo‘lga oldi.
Mamlakat MXDQ axboroot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi Qo‘mitaga ariza bilan murojaat qilgan. U Olabuqa tumani Ko‘ktosh qishloq okrugi «Jayit komiteti» raisi K.K. ga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Arizachining so‘zlariga ko‘ra, unga tegishli to‘qqiz bosh qoramolni mazkur shaxs noqonuniy saqlab kelgan va 2 ming AQSH dollari evaziga qoramollarni qaytarib berishini aytgan.
Mazkur holat yuzasidan ayni paytda «Tovlamachilik» moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
K.K. tovlamachilik summasining bir qismini – 1 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olinib, ikki oy muddatga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Jalolobod viloyatidagi vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirildi.
Hozirda tergov davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!