date
views 214

Shavkat Mirziyoyev va JST rahbari O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi masalasini muhokama qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 sentabr kuni BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi doirasida Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning tez fursatda JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Davlat rahbari mamlakat o‘z oldiga o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish bo‘yicha qo‘ygan maqsadlardan kelib chiqqan holda tashkilotga qo‘shilish muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston prezidenti ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishini tayyorlash, shuningdek, jarayonda ishtirok etayotgan mutaxassislar salohiyatini kuchaytirish va malakasini oshirish masalalariga to‘xtaldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

JST bosh direktori O‘zbekiston tomonidan tashkilotga a’zo bo‘lish borasida ko‘rilayotgan choralarni yuqori baholadi.

Ngozi Okonjo-Iveala JST kotibiyati O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini hamda mamlakat yaqin kelajakda tashkilotga qo‘shilishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv yakunida ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlikni jadallashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchiligimizni JST bitim va qoidalariga uyg‘unlashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shavkat Mirziyoyev va JST rahbari O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi masalasini muhokama qildi