Foto: Darko Bandic/AP /picture alliance
Slovakiyada navbatdan tashqari parlament saylovlarida g‘alaba qozongan «Yo‘nalish – sotsial demokratiya» (SMER-SD) partiyasi yetakchisi Robert Fitso mamlakat tashqi siyosatini o‘zgartirmasligiga va’da berdi, deb xabar qilmoqda Reuters 1 oktyabr, yakshanba kuni.
Slovakiyaning tashqi siyosat yo‘nalishi o‘zgarmasligiga qaramay, bu partiya Yevropa Ittifoqining ayrim jihatlarini tanqid qila olmaydi, degani emas, deya ta’kidladi Fitso. Alohida tarzda u Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlariga to‘xtaldi. Kiyevga harbiy yordam berishdan bosh tortish uning saylovoldi dasturining bandlaridan biri edi.
«Slovakiya va Slovakiya xalqi Ukrainadan ko‘ra jiddiyroq muammolarga ega», dedi Fitso saylovlarda g‘alaba qozonganidan keyin. SMER-SD yetakchisi Ukrainadagi urush «hamma uchun katta fojia» ekanini qo‘shimcha qildi va tinchlik muzokaralariga chaqirdi, chunki «keyingi qotilliklar hech kimga yordam bermaydi».
Fitso hukumatni shakllantirish bo‘yicha mandatini kutmoqda
Saylovdagi g‘alabani izohlar ekan, Fitso hukumatni shakllantirish uchun Slovakiya prezidentidan mandat kutayotganini aytdi. Koalitsiya tuzish, uning fikricha, ikki haftagacha davom etadi.
Fitsoning SMER-SD partiyasini 22,9 foiz saylovchilar qo‘llab-quvvatladi, Yevroparlament raisi o‘rinbosari Mixal Shimechka boshchiligidagi «Progressiv Slovakiya» 17,9 foiz, Slovakiya sobiq bosh vaziri Peter Pellegrinining «Ovoz» partiyasi esa 14,7 foiz ovoz oldi. Yana to‘rtta partiya besh foizlik to‘siqni yengib o‘tib, saylovchilarning 5,7 foizidan 9 foizigacha qo‘llab-quvvatloviga erishdi.
«Ovoz» rahbari Peter Pellegrini barqaror koalitsiya imkoniyati va kun tartibidagi ustuvorliklar haftalar davom etishi mumkin bo‘lgan muzokaralarda aniqlanishini aytdi. Partiyasi ikkinchi o‘rinni egallagan Shimechka SMER-SD g‘alabasi «Slovakiya uchun yomon xabar» ekanligini va agar Fitso koalitsiya tuzishga muvaffaq bo‘lsa, ishlar «bundan ham yomon» bo‘lishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Fitso hukumat shakllantira olmasa, o‘zi buni qilishga urinib ko‘radi. «Biz Robert Fitso Slovakiyani boshqarishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamma narsani qilamiz», dedi Shimechka.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!