Foto: kremlin.ru
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya va Qozog‘iston rahbarlari Vladimir Putin hamda Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan birgalikda Rossiya gazini yetkazib berish jarayoniga start berdi.
TASS xabariga ko‘ra, Putin avvalroq Markaziy Osiyoga Rossiyada ishlab chiqarilgan gaz hech qachon yuborilmaganiga eʼtibor qaratgan.
Endi Rossiya Federatsiyasi gazi O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali tranzit yo‘l bilan keladi, uning bir qismi esa Qozog‘istonga ham yetkazib beriladi.
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu butun mintaqaning energiya xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro manfaatli loyihadir.
Tegishli tadbirda Rossiya rahbari endilikda O‘zbekiston qo‘shimcha energiya manbasiga ega bo‘lishini, aholi xonadonlari va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarni issiqlik va elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash kafolatlanishini taʼkidladi.
“Qozog‘iston esa shimoliy va sharqiy hududlarni gazlashtirish masalasini hal qiladi, Rossiya tabiiy gazning ishonchli yetkazib beruvchisi maqomini tasdiqlaydi”, — deya qo‘shimcha qildi Putin.
2022 yil noyabr oyida Rossiya Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan «uchtomonlama gaz ittifoqi»ni tuzish rejalari haqida maʼlum qilgandi.
2023 yil may oyida Qozog‘iston hukumati Rossiyadan O‘zbekistonga gaz tranziti bo‘yicha muzokaralar boshlanganini eʼlon qildi.
Iyun oyida O‘zbekiston Rossiya bilan 2,8 milliard kub metr gaz yetkazib berish bo‘yicha ikki yillik shartnoma tuzdi. Kelishuv kuniga 9 million kub metr gaz importini nazarda tutadi.
Gaz yetkazib berish 1 oktyabrdan boshlanishi eʼlon qilingan edi. Biroq, keyinchalik oktyabr oyi oxiriga qoldirildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!