date
views 158

Gruziya parlamenti prezident Zurabishviliga impichment e’lon qilolmadi

Gruziya parlamenti prezident Zurabishviliga impichment e’lon qilolmadi

Foto: AP

Gruziya parlamenti prezident Salome Zurabishviliga impichment e’lon qilolmadi, deb xabar berdi Gruziya «Birinchi» telekanali. Impichment e’lon qilish uchun Gruziya parlamentining 150 nafar deputatidan 100 nafari yoqlab ovoz berishi kerak edi.

18 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 86 nafar deputat impichmentni qo‘llab-quvvatladi, bir nafari qarshi ovoz berdi. Parlamentning qolgan a’zolari ovoz berishda qatnashmadi.

Jarayon parlamentda 84 o‘ringa ega bo‘lgan hukmron «Gruziya orzusi» partiyasi tomonidan boshlangan edi.

Ovoz berish boshlanishidan oldin «Gruziya orzusi» parlament fraksiyasi rahbari Irakliy Kobaxidze deputatlar oldida so‘zga chiqib, impichmentni qo‘llab-quvvatlovchi dalillarni taqdim etdi. Keyin Salome Zurabishvili nutq so‘zladi. Gruziya prezidenti nutqdan so‘ng deputatlar savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Gruziya parlamenti o‘z tarixida birinchi marta prezidentga impichment e’lon qilishga urindi. Jarayon Konstitutsiyaviy sud tomonidan tegishli ruxsat berilganidan so‘ng boshlandi, u Zurabishvili hukumatning roziligisiz xorijga chiqqanida va rasmiylar bilan uchrashganida Gruziya Konstitutsiyasining 52-moddasini buzganini tan olgan.

Salome Zurabishvili 2018 yilning 16 dekabridan buyon Gruziya prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. U bir necha bor hukumat qarorlarini ochiqchasiga tanqid qilgan.

Parlament respublikasi bo‘lgan Gruziyada prezidentning vakolatlari qonun bilan cheklangan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Gruziya parlamenti prezident Zurabishviliga impichment e’lon qilolmadi