18 oktyabr kuni Misr poytaxti Qohira shahrida “Fatvo va uchinchi ming yillik muammolari” nomli xalqaro anjuman boshlandi. Unda O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar ham qatnashmoqda.
Idora matbuot xizmati xabar berishicha, konferensiyada nutq so‘zlagan O‘zbekiston muftiysi axborot zamonidagi g‘oyaviy xurujlar va turli ixtiloflarga yechim topishda, shuningdek musulmon ummati hamjihatligiga erishishda Fatvo idoralarining o‘rni nihoyatda katta ekanini qayd etgan.
“Muftiy hazratlari mana shunday muammolarga yechim topishda Islom ilm-ma’rifatga asoslangan mo‘tadil din ekanini targ‘ib qilish, ulamolar hamkorligini mustahkamlash va mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash kabilar ekanini bayon etdi. Bundan tashqari, Internet va raqamli axborot vositalari orqali adashgan toifalar din niqobi ostida ekstremizm, mazhabsizlik, takfir va mutaassib qarashlar tarqatayotgani xavotirli holat ekanini alohida qayd etdi”, — deya shayx Nuriddin Xoliqnazarning so‘zlarini keltirmoqda idora.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring