14:33 / 21.10.2023
154

AQSH Nevadadagi yadroviy poligonda kimyoviy portlashni amalga oshirdi

AQSH Nevadadagi yadroviy poligonda kimyoviy portlashni amalga oshirdi

Foto: Reuters

18 oktyabr, chorshanba kuni AQSH Yadro xavfsizligi milliy boshqarmasi (NNSA) Nevada shtatidagi Milliy xavfsizlik yadroviy poligonida (Nevada National Security Site) yerosti kimyoviy portlash sodir etilganini ma’lum qildi. NNSA'ga ko‘ra, sinovning maqsadi - «AQSHning butun dunyo bo‘ylab past kuchdagi yadroviy portlashlarni aniqlash qobiliyatini oshirish».

NNSA yadro qurollarini tarqatmaslik bo‘yicha direktor o‘rinbosari Kori Xindershteynning aytishicha, bu kabi tajribalar «AQSHning yadroviy qurollarni tarqatmaslik maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash uchun yangi texnologiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha harakatlarini ilgari suradi». «Ular yerosti yadroviy sinov portlashlarini aniqlashni yaxshilash orqali global yadro tahdidlarini kamaytirishga yordam beradi», dedi Xindershteyn.

Portlashda radioaktiv izlagichlardan foydalanilgan

AQSH Energetika vazirligiga ko‘ra, tunnel sinovida yuqori kuchga ega kimyoviy portlovchi moddalar va radioaktiv izlagichlardan foydalanilgan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 20 oktyabr kuni Kreml AQSHning yerosti kimyoviy sinovlari bilan bog‘liq vaziyatni «juda diqqat bilan kuzatayotganini» aytdi. «Bizning pozitsiyamiz juda aniq. Endi de-yure vaziyat tenglashdi: Amerika ham, Rossiya ham shartnomani (Yadroviy sinovlarni taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma) imzolagan davlatlardir, ammo hozir u hech bir davlatda ratifikatsiya qilinmagan», - deya Peskovning so‘zlaridan iqtibos keltirdi «Interfaks».

18 oktyabr kuni Rossiya Davlat dumasi Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiyasini chaqirib olish to‘g‘risidagi qonunni ikkinchi va uchinchi, yakuniy o‘qishda qabul qildi.

Yadro sinovlarini to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma 1996 yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan. Hujjatni Rossiya ratifikatsiya qilgan, AQSH va Xitoy ratifikatsiya qilmagan. SSSR oxirgi yadroviy qurol sinovini 1990 yilda, AQSH 1992 yilda o‘tkazgan, Rossiya esa hali bunday sinovni o‘tkazmagan. O‘shandan beri dunyoda 10 ta sinov qayd etildi: 1998 yilda Hindiston va Pokiston ikkitadan o‘tkazgan, qolganlari Shimoliy Koreya tomonidan amalga oshirilgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo