Foto: Christophe Ena / Reuters
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Quddus va yahudiy davlati merosi bo‘yicha vazir Amixay Eliyahuning hukumat yig‘ilishlaridagi ishtirokini G‘azo sektoriga yadroviy zarba berish ehtimoli haqida gapirgach, noma’lum muddatga to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda 5 noyabr, yakshanba kuni Isroil OAV xabar berdi.
Eliyahu o‘sha kuni Kol Berama radiosiga bergan intervyusida G‘azo sektorida yadroviy bombadan foydalanish HAMAS tashkilotiga qarshi urush paytida «imkoniyatlardan biri» ekanini aytdi. Bu so‘zlar Isroilda keng rezonansga sabab bo‘ldi; bosh vazir Netanyahu ularni «haqiqatdan uzoq» deb atadi.
Netanyahu G‘azo sektoriga yadroviy zarba berish ehtimoli haqida
«Isroil va SAHAL tinch aholiga zarar yetkazilishining oldini olish uchun xalqaro huquqning eng yuqori standartlariga muvofiq harakat qiladi va biz buni g‘alabaga qadar davom ettiramiz», dedi Netanyahu. Isroil merosi ishlari bo‘yicha vazir yuzasidan u keyinchalik o‘z so‘zlarini «metaforik» ifodada aytganini ta’kidlab, «bu - miyasi bo‘lgan har bir kishi uchun tushunarli bo‘lishi kerak edi», deb qo‘shimcha qildi.
HAMASning G‘azoga yadroviy hujum haqidagi munozaraga munosabati
HAMAS tashkiloti Eliyahuning bayonotlariga munosabat bildirgan holda, Telegram'da bu bayonot «bosqinchi natsizm va genotsid ifodasidir» deb yozdi.
Ayni paytda, The Times of Israel internet nashri Isroil hukumatidagi ismini oshkor etmagan vazirning Netanyahuning Eliyahuni majlislardan chetlashtirish haqidagi qarori bo‘yicha izohini keltirdi. U: «bu shunchaki kulgili. Hozirda hukumat yig‘ilishlari deyarli yo‘q va ishlarning aksariyati telefon orqali bajarilyapti». degan.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 10 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring