AQSH Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning qayta saylana olmasligini juda yaxshi tushunadi, shuning uchun Vashington Kiyev rasmiylari tomonidan demokratik asoslarning buzilishiga ko‘z yummoqda. Bu haqida germaniyalik tadbirkor Kim Dotkom X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.
"Zelenskiy yana saylovlarni bekor qilmoqda. AQSH hukumati bizga proksi urushi demokratiyani himoya qilishga qaratilganini aytmoqda. Ular o‘zlarining qo‘g‘irchoqlari qayta saylovlarda g‘alaba qozona olmasligini bilishadi”, — dedi u.
Kecha Vladimir Zelenskiy Ukrainada davlat rahbari saylovi vaqti hali kelmaganini aytdi. Saylov 2024 yilning mart oyida bo‘lib o‘tishi kerak edi.
Zelenskiy avvalroq saylovni harbiy holat vaqtida o‘tkazish taqiqlanganini, ammo parlament tegishli qonunchilik o‘zgarishlarini qo‘llab-quvvatlasa, G‘arb pul ajratsa va kuzatuvchilar “okoplarda” bo‘lsa ham, bunday imkoniyat borligini aytgan edi.
Ukrainaning “New Voice” gazetasiga ko‘ra, Oliy Rada deputatlari kelasi yilgi prezidentlik saylovlarini frontga yaqin hududlarda o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun loyihasini allaqachon ishlab chiqishgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring