14:16 / 17.11.2023
88

Hisobot: Ukrainadan 2442 nafar bola noqonuniy ravishda Belarusga olib ketilgan

Hisobot: Ukrainadan 2442 nafar bola noqonuniy ravishda Belarusga olib ketilgan

Foto: Mikhail Voskresenskiy/SNA/IMAGO

2022 yil 24 fevraldan joriy yilning 30 oktyabrigacha 6 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan kamida 2442 nafar bola Ukrainaning Rossiya tomonidan egallab olingan hududlaridan Rossiya orqali Belarusga noqonuniy olib ketilgan. Bu haqda 16 noyabr, payshanba kuni AQSHning Yel jamoat salomatligi maktabi qoshidagi Gumanitar fanlar tadqiqot laboratoriyasi (HRL) tomonidan chop etilgan hisobotda aytiladi.

Hisobot mualliflari Belarus hududida urush paytida Ukrainadan bolalar olib ketilgan 13 ta joyni ko‘rsatdi. Ulardan kamida sakkiztasida bolalar «madaniy, tarixiy, ijtimoiy va vatanparvarlik ta’limotlari yoki Belarus va Rossiya rejimlarining siyosiy manfaatlariga xizmat qiluvchi g‘oyalar»ni singdirish orqali qayta tarbiyalangan», — deyiladi hujjatda. Bundan tashqari, tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, Ukrainadan kamida olti guruh bolalar Belarusda, shu jumladan Belarus ichki qo‘shinlari bazasida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.

Hozirda bu bolalarning qanchasi Belarus hududida qolayotgani noma’lum, deya qayd etadi hisobot mualliflari. «Bolalarni Ukrainadan Belarusga olib o‘tishga aloqador bo‘lgan asosiy shaxslar hech qanday dalilsiz barcha bolalar Ukrainaga qaytarilganini ta’kidladi», deyiladi hujjatda.

Rahbariyat ukrainalik bolalarni olib ketishda faol ishtirok etgani aytiladi

Belarusdagi hukmron rejim Rossiya rahbariyati, o‘zini «DXR» va «LXR» deb e’lon qilgan «hokimiyatlar» vakillari, hukumatparast arboblar va tashkilotlar bilan birgalikda voyaga yetmagan ukrainaliklarning noqonuniy deportatsiyasiga faol hissa qo‘shdi, deyiladi hisobotda. Xususan, Aleksandr Lukashenko «Ukrainadan Belarusga bolalarni tashishda ham davlat, ham nodavlat tashkilotlarning ishtirokini ma’qulladi, ularni Rossiya va Belarusning Ittifoq davlati qo‘shma budjeti hisobidan moliyalashtirdi», deya da’vo qiladi mualliflar.

Ukrainalik bolalarning Belarusga olib chiqib ketilishiga hissa qo‘shgan asosiy shaxslar va tashkilotlar orasida Yel tadqiqotchilari belaruslik paralimpiyachi Aleksey Talayni, «Belaruskaliy» korxonasi va «Delfini» Donetsk nogiron bolalar va ularning ota-onalari uchun jamoat tashkiloti direktori Olga Volkovaning nomini tilga olgan.

Talay fondi avvalroq «Belarus surishtiruv markazi» tomonidan Ukrainaning Rossiya tomonidan egallab olingan hududlaridan bolalarni Belarusga o‘tkazishga homiylik qiluvchi tashkilot sifatida tilga olingan. «Belaruskaliy» rahbari Ivan Golovatiy esa, belaruslik muxolifatchi Pavel Latushkoning ma’lumotlariga ko‘ra, ukrainalik bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda bevosita ishtirok etgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo