Ukrainada butun front chizig‘i bo‘ylab qish boshlandi: 20 noyabr kuni Baxmutdan g‘arbda qor yog‘shdi, janubda esa kuchli yomg‘irlar boshlandi. Yomon ob-havo sharoiti kamida ikki hafta davom etadi. Ammo bu harbiy harakatlarni to‘xtata olmayapti: ukrainaliklarning qarshi hujumining yakuniy bosqichi o‘rnini Rossiyaning hujum bosqichi egalladi.
RF qurolli kuchlari endi ko‘plab yo‘nalishlarda hujum qilmoqda — shimolda Kupyanskdan, bu yerda ular ko‘p miqdordagi texnikalarini yo‘qotish evaziga bir necha kilometrga ilgarilagan, janubda Xerson ro‘parasidagi qishloqlargacha, bu yerda Rossiya qo‘shini Dniproning chap sohilida platsdarmlar tashkil qilgan ukrain piyodalar rotalarini asta-sekinlik bilan siqib chiqarmoqda. RF qurolli kuchlarining qishki yurishidagi asosiy zarba hamon Donetsk chekkasida — Avdiyivka yo‘nalishida berilmoqda. Ukraina qurolli kuchlari bu shaharga boshqa yo‘nalishlardan zaxira kuchlar olib kelishda davom etmoqda va qo‘shni uchastkalardagi lokal zarbalar bilan Rossiya kuchlarini chalg‘itishga harakat qilmoqda. Zaxiralarni Avdiyivkaga jalb etish allaqachon Baxmut atrofidagi ukrain frontini zaiflashtirgan, bu esa Rossiya qo‘shinlariga may oyidan buyon ilk bor ushbu hududda qarshi hujumga o‘tish imkonini bergan.
Shu bilan birga, Rossiyaning yurishi Ukrainaning yozdagi yurishiga qaraganda jadalroq rivojlanmoqda: RF qurolli kuchlari barcha yo‘nalishlarda yo‘qotishlar berib bo‘lsa ham, kichik yutuqlarga erishmoqda.
Avdiyivka
- Rossiya qo‘shini — texnikalarsiz, faqat piyodalardan iborat kuchlar — Avdiyivkadan shimoldan o‘tgan Avdiyivka — Pokrovsk temiryo‘lini kesib o‘tgan va g‘arbdagi Stepove (Petrovskiy) chekkalariga yetib kelgan. Ammo Ukraina QK qo‘mondonligi bu uchastkaga qo‘shimcha kuchlarni tashlagan — jumladan, Baxmut hududidan ham. RF QK shturm guruhlarining oldinga yurishi to‘xtatilgan, ammo temiryo‘l hududida Ukraina QK tomonidan texnikalar, RF QK tomonida shaxsiy tarkib yo‘q qilinishi bilan kechayotgan og‘ir janglar davom etmoqda.
- Rossiya qo‘mondonligi, katta ehtimol bilan, yarim qurshov holatida qolgan Avdiyivkaga texnika va o‘q-dori ta’minotiga yetarlicha zarar yetkazilgan deb hisoblagan hamda endi shaharga to‘g‘ridan to‘g‘ri janubdan zarba berishni boshlagan. Rossiya tanklariAvdiyivka janubiy sanoat zonasiga (2015 yilda qurilgan) Ukraina QKning yirik istehkomiga hujum qilgan. 20 noyabr kuniga kelib RF QK sanoat zonasini shimoldan qamrab olgan va uning sharqiy qismini egallagan.
- Rossiya artilleriyasi va dronlari Avdiyivkani «katta yer» bilan bog‘lovchi, Lastochkino qishlog‘i orqali o‘tuvchi yo‘l bo‘ylab zarbalar berishda davom etmoqda. U — yakson etilgan va yo‘l bo‘ylarida yotgan ko‘p sonli texnikalari bilan — endi Ukraina qurolli kuchlari o‘tgan qishda o‘z «qal’asi»ga ta’minot yetkazib berishga uringan «Baxmut hayot yo‘li»ni yodga solmoqda. Katta ehtimol bilan, qish va loygarchilik Ukraina QK boshqa qattiq qoplamasiz yo‘llardan foydalanishini cheklaydi.
- Rossiya qo‘shini — ayniqsa artilleriyani — Avdiyivkadan chalg‘itish uchun, Ukraina QK sharqda — Horlivka hududida kutilmagan yurish boshladi. Ukraina bo‘linmalari Horlivka chekkasidagi Yujnoye posyolkasi hududida Gagarin nomidagi konning chiqindilaridan hosil bo‘lgan terrikonni egallab olgan. Bu qulay pozitsiya bo‘lishidan tashqari, ramziy ahamiyatga ham ega — endi bu Ukraina qurolli kuchlari keng ko‘lamli urush boshlangunicha nazorat qilmagan, ammo undan keyin ozod etishga muvaffaq bo‘lgan yagona yer parchasidir. Rossiya qo‘mondonligi kutilgandek javob qaytardi — bungacha Avdiyivkaga o‘t yog‘dirish bilan band bo‘lgan artilleriya qurollarining bir qismi endi terrikon va Yujnoyeni o‘qqa tutmoqda.
- Ammo shunday sharoitda ham RF QK tezkor g‘alabaga erishishi — butun Avdiyivkani qurshovga olish tahdidini yaratishi va Ukraina garnizonini shaharni tark etishga majbur qilishi dargumon. Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlari shahar atrofiga zaxira kuchlari yuborishini to‘xtatib qo‘yish imkoniyatiga ega emas — va faqat boshqa yo‘nalishlardan o‘z zaxiralarini olib kelish bilan javob qaytara oladi. Ammo hozircha Rossiya qo‘mondonligi hozircha barcha kuchlarni eng istiqbolli uchastkaga to‘plashni emas, balki imkoni bor bo‘lgan hamma joyda hujum qilishni afzal ko‘rmoqda.
Kupyansk
- Rossiyaning Kupyanskda va janubroqda Oskol daryosi orqali o‘tish joylarini egallab olish maqsadidagi yurishi yozdayoq boshlangandi — qo‘shin Oskol bo‘ylab Ukraina qurolli kuchlarining Sinkovka qishlog‘idagi istehkomlariga yetgunicha shimoldan janubga tomon harakatlandi. O‘shanda RF QKning yutuqlari minimal darajada edi.
- Oktyabr oyi oxirida RF QK Kupyanskka sharqdan — Orlyanskiy, Pershotravnevoye va Ivanovka qishloqlari hududdaridan hujum boshladi. Avvaliga ular bir necha kilometrga ilgarilashga muvaffaq bo‘lgandi, ammo so‘nggi haftalarda yurish sustlashib qolgan. Bu yo‘nalishda Rossiya texnikalari kolonnasi yo‘q qilingani aks etgan videolar paydo bo‘lgan.
Baxmut
- Rossiya qo‘shini Baxmut fronti qanotlarida may oyi boshidan buyon mudofaalanayotgandi — ukrainlarning qarshi hujumi «Vagner» XHK shahar to‘liq egallanganini e’lon qilishiga bir necha kun qolganida boshlangandi. Shundan buyon Rossiya qo‘shinlari shahardan shimolda ham, janubda ham o‘z nazoratidagi hududlarni boy berib keldi. Ammo Ukraina QK baribir Baxmutni o‘rab olishga muvaffaq bo‘lolmadi.
- Noyabr oyida RF QK Baxmutdan shimoli-g‘arbga, Bogdanovka va Xromovo yo‘nalishida qarshi hujum boshladi. Bundan maqsad — Ukrainaning Chasiv Yardan Baxmutning janubi-g‘arbiy chekkalarigacha bo‘lgan hududda joylashgan guruhi ta’minotini izdan chiqarish hisoblanadi. Rossiya qo‘shinlari Berxov suv omboridan Bogdanovka tomon bir necha kilometr yurishga erishdi. Katta ehtimol bilan, bu muvaffaqiyat Ukraina QK Baxmut frontidagi bir qancha bo‘linmalarni Avdiyivka atrofiga olib ketgani bilan bog‘liqdir.
- RF QK Baxmutdan janubda ham qarshi hujumga o‘tib, Ukraina QK sentabr oyida ozod qilgan Kleshchiyevka qishlog‘i xarobalarini qayta egallab olishga urinmoqda.
- Ukraina qo‘shini faqat janubda — Andriyivka atrofida Baxmut — Horlivka temiryo‘lidagi Rossiya mudofaa chizig‘ini kesib o‘tib, uni yanada sharqqa surib tashlashga qaratilgan harakatlarini davom ettirmoqda.
Orixiv yo‘nalishi
- Ukraina qurolli kuchlari Tokmak shahri tomon hujum frontini kengaytirishga harakat qilmoqda, buning uchun RF qurolli kuchlarining Rabotinedan sharqdagi va g‘arbdagi (ayniqsa so‘nggi haftalarda faollashdi) pozitsiyalariga hujum qildi.
- Ammo bu yo‘nalishdagi qo‘shinlarning bir qismi (jumladan g‘arb texnikalari) Avdiyivkaga olib ketilgach, Ukraina qurolli kuchlariga hujumni davom ettirish yetarli kuch qolmagani bo‘ldi. Rabotinedan g‘arbga tomon hujumlar to‘xtadi ostanovilos, Ukraina QK bu yerda bir necha «Leopard» tanklari va «Bredli» zirhli mashinalarini yo‘qotdi. Ko‘rinib turibdiki, ukraina qo‘shini uchun bahorgacha real maqsad — Rabotine yaqinida egallangan hududlarni ushlab qolish va Tokmakka 2024 yil qilinadigan yangi hujum uchun pozitsiyalarni yaxshilash bo‘ladi.
Dniproning so‘l sohili
- Ukraina QK yozdan beri Dnipro daryosining chap sohilida bir necha platsdarmlar tashkil etdi. Ammo ulardan birortasi qirg‘oqning tor botqoqli chizig‘ida bir necha o‘nlab jangchilarning pozitsiyasidan ortiqroq shaklda rivojlanmadi. Bunday kichik platsdarmlardan ayrimlari hozir ham mavjud.
- Kuzda Ukraina qurolli kuchlari Dnipro irmoqlaridan biri bo‘lgan Konka daryosi sohilida, Krinki qishlog‘i hududida ham platsdarm hosil qildi. U — nazariy jihatdan — ukrain qo‘shiniga sohildagi botqoqliklardan chiqish va Nova Kaxovka tomon yurish qilish imkoniyatini beradi.
- Ammo amalda Ukraina qurolli kuchlarida hozircha bunday imkoniyat yo‘q: ukrain qo‘shini Dniprodan faqat bir necha kilometr masofada Rossiya qo‘shiniga qarshi muvaffaqiyatli jang olib borishi mumkin — daryoning o‘ng sohilidagi artilleiyasi va dronlari zarbalari hisobiga. Janglar videolariga ko‘ra, Ukraina QK bu hududda hamon qurollar sonida, jumladan dronlar bo‘yicha ham ustunlik qilmoqda. Ammo ular qirg‘oqdan uzoqqa keta olishmaydi — ularning ustunliklari shu yerda tugaydi. UQKda Dnipro orqali artilleriya, dronlar operatorlari va og‘ir texnikani olib o‘tish imkoniyati esa hozircha yo‘q. Videolardan biriga ko‘ra, Krinkidagi platsdarmga faqat bitta BTR yetkazilgan; katta ehtimol bilan u tezda yo‘q qilingan. Ukraina QK piyodalari Rossiya aviatsiyasi va artilleriyasi zarbalari ostida yana tor bo‘lakdagi quruqlikda okop qazib, katerlar orqali ta’minot va qo‘shimcha kuchlar yetkazilishini kutib yotishga majbur bo‘lmoqda.