date
views 134

YEI va AQSH G‘azo sektorida o‘t ochish to‘xtatilganini olqishladi

YEI va AQSH G‘azo sektorida o‘t ochish to‘xtatilganini olqishladi
Foto: Risture Allianse

Yevropa Ittifoqi G‘azo sektorida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qila boshlaganini olqishlaydi. KNA agentligining xabar berishicha, bu haqda 24 noyabr, juma kuni kechqurun Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ma’lum qilgan. U Isroil va HAMAS harakati o‘rtasidagi kelishuvni «dahshatli gumanitar vaziyat»ga barham berish yo‘lidagi birinchi qadam deb atadi va falastinlik jangchilarni «hayoti bo‘yicha savdolashmasdan» G‘azo sektorida ushlab turgan barcha garovga olinganlarni ozod qilishga chaqirdi.

Borrel, shuningdek, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, arab davlatlari va Isroilni birlashtirgan «O‘rta Yer dengizi uchun ittifoq» xalqaro tashkiloti sammitida G‘azo sektoridagi vaziyatni hal etish muhokama qilinishini bildirdi. Ushbu sammit 27-28 noyabr kunlari Barselonada bo‘lib o‘tadi. Sammitda G‘azo sektoridagi vaziyat muhokamasiga Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman al-Safadiy boshchilik qiladi.

Shu bilan birga, YEI diplomatiyasi rahbari yana bir bor Yaqin Sharq mojarosini «ikki davlat» sxemasi, ya’ni mustaqil Falastin davlatini yaratish bo‘yicha hal etish tarafdori ekanini aytdi. Jozep Borrell isroilliklar va falastinliklarni «ikki xalq manfaati uchun zo‘ravonliklarning pastga siljishini qaytarishga» chaqirdi.

Shols va Bayden ham vaqtinchalik sulhni olqishladi

Germaniya kansleri Olaf Shols ham G‘azo sektorida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish va HAMAS tomonidan garovga olinganlarning birinchi guruhi ozod qilinganini olqishladi. «Bu yaxshi yangilik, - dedi u X ijtimoiy tarmog‘ida. - Biz bu odamlar va ularning qarindoshlari so‘nggi bir necha hafta ichida nimalarni boshdan kechirganini tasavvur qila olmaymiz».

Shu bilan birga, Germaniya hukumati rahbari, xuddi Borrel singari, G‘azo sektorida asir qolishda davom etayotgan yana 200 dan ortiq odamni ozod qilishga chaqirdi: «Bugun faqat boshlanishi bo‘lishi mumkin, HAMAS barcha garovdagilarni so‘zsiz ozod qilishi kerak».

AQSH prezidenti Jo Bayden ham xuddi shunday munosabat bildirdi. Shuningdek, u G‘azo sektorida vaqtinchalik sulhni uzaytirish uchun «haqiqiy imkoniyatlar» borligini aytdi. Borrel singari, Bayden ham mojaroning «ikki davlat» yechimi tarafdori.

Sulhning birinchi kuni 39 falastinlik ozod qilindi

HAMAS jangchilari vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish doirasida juma kuni 13 nafar isroillik ayol va bola hamda 11 nafar xorijlik – 10 nafar tailandlik va bir filippinlikni asirlikdan ozod qildi. Bunga javoban Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 39 nafar falastinlik ayol va voyaga yetmaganlar ozodlikka chiqdi.

24 noyabrda boshlangan sulh to‘rt kun davom etishi ko‘zda tutilgan. Bu vaqt ichida garovga olingan 50 nafar isroillik va 150 nafar falastinlik mahbus ozod etilishi kerak. Bundan tashqari, shartlar qatoriga Isroil aviatsiyasining G‘azo sektori ustidagi parvozlarini kuniga olti soatga to‘xtatib turish, har kuni insonparvarlik yordami va dori-darmonlar bo‘lgan 200 ta yuk mashinasi, shuningdek, yonilg‘i solingan to‘rtta yuk mashinasining hududga o‘tishi kiradi. The Times of Israel nashrining yozishicha, sulh birinchi kunida insonparvarlik yordamini yetkazib berish shartlari bajarilgan.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 14 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » YEI va AQSH G‘azo sektorida o‘t ochish to‘xtatilganini olqishladi