date
views 951

Amerikani aslida kim kashf qilgan? Lekin u Kolumb emas...

Amerikani aslida kim kashf qilgan? Lekin u Kolumb emas...

Maktab vaqtida geografiya fanini yaxshi o‘qiganlar Amerika qit’asi 1492 yilda Xristofor Kolumb tomonidan kashf qilinganini yaxshi bilsa kerak. Biroq nima uchun qit’a Kolumb deb emas, balki Amerika deb ataladi. Amerika nomi qanday paydo bo‘lgan? Yangi materikni rostdan ham yevropaliklar birinchi bo‘lib kashf qilganmi? Ushbu maqolani oxirgacha o‘qib, Amerikani kim birinchi kashf qilgani-yu, Amerika nomi qayerdan kelib qolganligini bilib olasiz.

Yevropaliklar tomonidan Osiyoga O‘rta yer dengizi orqali o‘zlashtirilgan savdo yo‘llari, quruqlikdan o‘tuvchi karvon yo‘llari, jumladan, Buyuk Ipak yo‘li 1453 yilda Konstantinopolni zabt etgan turklar tomonidan yopib qo‘yildi. O‘rta asrlarda Osiyo bu yo‘llar orqali Yevropani mato, qand, bo‘yoqlar, murch, zanjabil va ziravorlar bilan ta’minlab turgan. Zero, XVI asrda murch oldi-sotdida pulning o‘rnini bosar va kelin uchun beriladigan sep sifatida qo‘llanilar edi.

Bu hol yevropalik savdogarlarni Hindistonga, “Ziravorlar oroli”ga va yevropaliklarga ma’lum bo‘lmagan, ammo afsonalarga ko‘ra juda boy deb qaralgan Xitoy va Yaponiyaga yangi yo‘llarni kashf etishga majbur qildi. Bundan tashqari, o‘sha vaqtda pul zarb qilishda qimmatbaho metallar yetishmasdi. Yangi “valyuta” hisoblangan oltin zaxiralarini topish savdogar, zodagon va hatto qirollarning ham paytavasiga qurt tushirgan edi.

Hindistonga yo‘l ochish shunday rejalardan biri bo‘lgan. Aslida bu g‘oya yangi emasdi. Chunki musulmonlar uyg‘onish davrida arab-musulmon allomalarning kitoblaridan bunday g‘oyalarni topish mumkin. Xususan, buyuk vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy birinchilardan bo‘lib okean ortida yangi qit’a borligini o‘zining “al-Qonun al-Mas’udiy” (Mas’udiy Qonuni) deb nomlangan kitobida yozib o‘tgan. Beruniy birinchi bo‘lib 16 qadam (4,8 m) lik Yer kurrasi xususiyatlarini ko‘rsatuvchi globusni yaratdi, bu narsa hatto XVI asrda Yevropada yuz bergan Uyg‘onish davriga qadar biror kimsaning aqliga kelmagan edi.

AQSHdagi Jons Horkins universiteti professori, Markaziy Osiyo va Kavkaz tadqiqotlari instituti ta’sischi direktori Frederik Starrning sharhlashicha, o‘rta osiyolik musulmon olim Abu Rayhon Beruniy o‘z darsxona-hujrasini tark etmagan holda Kolumbdan bir necha asr avval Amerikani kashf etgan.

Markaziy Osiyolik yana bir olim Ahmad al-Farg‘oniy IX asrda ekvator uzunligining bir darajasini hisoblab, shu asosda Yer kurrasining aylanasini topgan. Uning hisob-kitoblari Beruniynikichalik aniq bo‘lmasa-da, biroq u qadimgi yunon olimlarining hisob-kitoblaridan ancha afzal edi. Al-Farg‘oniy o‘z hisob-kitoblarini “Yulduzlar ilmining to‘plamlari” deb nomlangan kitobiga jamladi. Kitob bosilgach, undagi ma’lumotlar ko‘plab o‘quvchilarni hayratda qoldirdi.

Hindistonga yangi yo‘l ochish orzusida yurgan genuyalik Xristofor Kolumb o‘sha vaqtda vatandoshimiz Ahmad al-Farg‘oniy qalamiga tegishli bo‘lgan “Yulduzlar ilmining to‘plamlari” kitobining lotincha tarjimasini o‘qib qoladi. Shundan so‘ng Kolumb al-Farg‘oniy ma’lumotlariga tayanib, yer kurrasining hajmi kichik ekanligi va uni aylanib suzib o‘tish mumkinligini aytib, Angliya, Portugaliya va Fransiya qirollari huzuriga borib o‘z rejasini taklif qiladi. Ha, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov “Kolumbda bor alamim manim” deb bekorga yozmagan ekan-da?

Portugaliyaliklar bu davrga kelib Afrika orqali Hindistonga yo‘l ochish arafasida turgan edi. Shu sababli Portugaliya qiroli Kolumbga rad javobini beradi. Fransiya va Angliya esa ekspeditsiya yuborish uchun yetarli dengiz flotiga ega emasdi.

Nihoyat, 1492 yilda Ispaniya qirollik oilasi Kolumb bilan shartnoma tuzadi va ekspeditsiya uchun pul ajratadi. 1492 yil 3 avgust kuni Xirstofer Kolumb boshchiligida “Santa Mariya”, “Pinta” va “Iniya” kemalari Ispaniya qirg‘oqlaridan yo‘lga chiqadi. O‘sha kezlarda Atlantika okeanini yevropaliklar “Zulmat dengizi” deb atashar, shu boisdan ham unda suzishga uncha-muncha dengizchi jur’at eta olmasdi.

Atlantika okeanida 70 kun suzgan Kolumb, nihoyat 1492 yil 12 oktyabr kuni Karib dengizidagi Bagama orollaridan birini topdi. Orolni Kolumb “San-Salvador” (Muqaddas Xaloskor) deb ataydi va bu orolda Ispaniya bayrog‘ini ko‘taradi. Shundan so‘ng u Gaiti va Kuba orollarini kashf etdi. Ushbu orollar Hindiston ekanligiga Kolumbning ishonchi komil edi. Shuning uchun bu yerdagi tub aholini “hindular” deb atadi.

Kolumb yangi qit’ani kashf etgan bo‘lsa-da, bu materikka uning nomi berilmadi. Boisi dengizchi Hindiston, Xitoy va Yaponiyani kashf qildim deb qattiq turib olgan edi. Xristofor Kolumb kashf etgan yerlar ko‘p o‘tmay Ispaniya qirolining xafsalasini pir qildi. Chunki topilgan yerlarda oltin va kumush taxmin qilinganidan ancha kam bo‘lib chiqdi. Tez orada Kolumb qirolning g‘azabiga uchraydi. U 1506 yil Ispaniyaning Valyadolit shahrida o‘ta qashshoqlikda va hammaning nazaridan bir chetda vafot etadi. Buyuk dengiz sayohatchisining vafot etgani haqidagi xabar oradan 27 yil o‘tganidan keyin e’lon qilinadi.

XVI asr boshlarida florensiyalik dengizchi va astronom Amerika Vespuchi portugaliyaliklar ekspeditsiyasi tarkibida Braziliya qirg‘oqlarini tadqiq etadi va Xristofor Kolumb ochgan yerlar Hindiston emas, balki yangi materik degan xulosaga keladi. Shundan so‘ng yangi ochilgan qit’a “Amerika” deb atala boshlandi. 1515 yilda yangi yerlar Amerika deb atalgan birinchi globus Germaniyada paydo bo‘ldi. Keyinchalik shu nomdagi atlas va xaritalar ham chiqarildi.

Sardor Ali Nurmatov tayyorladi

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Amerikani aslida kim kashf qilgan? Lekin u Kolumb emas...