21:09 / 29.11.2023
640

Ukrainalik rasmiy Zelenskiy va Zalujniy o‘rtasidagi “dahshatli” kelishmovchilik haqida ma’lum qildi

Ukrainalik rasmiy Zelenskiy va Zalujniy o‘rtasidagi “dahshatli” kelishmovchilik haqida ma’lum qildi

Foto: AFR

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy o‘rtasidagi munosabatlarni “dahshatli” so‘zidan boshqacha ta’riflab bo‘lmaydi, deb yozdi The Esonomist manbalarga tayanib.

Ukraina hukumatidagi yuqori martabali manbaning gazetaga aytishicha, mamlakat rahbariyati ichidagi ochiq mojaro “rejaga muvofiq ketmagan” qarshi hujum natijasidir. Rasmiyning fikriga ko‘ra, Zalujniy prezidentning optimistik pozitsiyasiga zid bo‘lgan bayonotlar berib, “aqlsizlik qilgan” ammo hukumatda uning xulosalari bilan bahslasha oladiganlar kam.

Hozirda tomonlar muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga urinmoqda, deydi The Esonomist manbasi.

Siyosatchilar generallarini sovetcha tayyorgarlikdan o‘tgan esi pastlar deydi. Generallar esa siyosatchilarni ularning ishiga aralashadigan ahmoqlar deydi”, — ta’kidladi manba.

Zelenskiy va Zalujniy o‘rtasidagi mojaroda rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan yana bir omil — Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshida Ukraina janubida mudofaa muvaffaqiyatsizlikka uchragani bo‘yicha ochilgan jinoiy ish, deb hisoblamoqda The Esonomist. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni hali ham unda guvoh sifatida ishtirok etmoqda. Zalujniyning matbuot bilan faol muloqoti u jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda sug‘urta sifatida ko‘rilishi mumkin, dedi Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabidagi manba.

Zalujniy siyosiy ambitsiyalari haqida e’lon qilmagan, uning siyosiy maydondagi bir necha qadamlari ham “unchalik oqilona emas”, deb ta’kidlaydi The Esonomist. Biroq, nashrning fikricha, bu uning Zelenskiyga tahdid solmasligini anglatmaydi.

The Esonomist nashri Ukrainada noyabr oyida o‘tkazilgan va nashr qo‘liga tushgan yopiq ijtimoiy so‘rov natijalarini keltirib o‘tdi. Unga ko‘ra, Zelenskiyga bo‘lgan ishonch reytingi pasaymoqda (32 foiz), Zalujniyga bo‘lgan ishonch reytingi yuqoriligicha qolmoqda (70 foiz).

Nashrning qayd etishicha, Rossiya Ukrainadagi siyosiy bo‘linishdan foydalanishi mumkin. Esonomist'ning Ukraina razvedkasidagi manbalari ta’kidlashicha, Rossiya allaqachon keskinlikdan foyda ko‘rishga urinmoqda.

Vladimir Zelenskiy va Valeriy Zalujniy o‘rtasidagi ochiq mojaro Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni bilan intervyudan so‘ng faol muhokama qilina boshladi — suhbatda Zalujniy frontdagi vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolganini aytgandi. Ukraina prezidenti ochiqchasiga bosh qo‘mondonning baholariga qo‘shilmagan va keyinroq harbiylar siyosat bilan shug‘ullanmasligi kerakligini aytgan. Ukraina prezidenti ofisi mamlakatning harbiy va siyosiy rahbariyati o‘rtasidagi bo‘linishni rad etib keladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo