15:17 / 08.12.2023
292

Falastinlik jurnalist bir lahzada 22 nafar yaqinidan ayrildi

Falastinlik jurnalist bir lahzada 22 nafar yaqinidan ayrildi

Mo‘min al-Sharafiy boshiga ulkan musibat tushganiga qaramay reportaj uzatishda davom etgan.

Isroil armiyasi G‘azodagi Jabaliya qochqinlar lagerini bombalashi oqibatida «Al-Jazira» telekanali Arab xizmati muxbiri Mo‘min al-Sharafiyning 22 nafar oila a’zosi – ota-onasi, aka-singillari, jiyanlari va boshqa qarindoshlari halok bo‘ldi.

Jurnalistning yaqinlari Jabaliyadagi uylardan birida jon saqlayotgan edi. 6 dekabr kun tashlangan bombadan al-Sharafiylar qo‘nim topgan uyda ulkan o‘ra hosil bo‘lgan.

«Al-Jazira» muxbiri hatto yaqinlari bilan vidolashish va mayitlarni izzat-hurmat bilan dafn etishga ham imkon berilmayotganidan shikoyat qilgan.

Boshiga ulkan musibat tushganiga qaramay, reportaj uzatishda davom etgan muxbir onasi Amina al-Sharafiyning unga yo‘llagan so‘nggi ovozli xabarini e’lon qildi. 

«Assalomu alaykum, xayrli tong, Mo‘min o‘g‘lim, yaxshimisan? Tan-joning sog‘mi? Kelinim, nabiralarim qanday? O‘zingni ehtiyot qil, bolam. Alloh barchamizni bu urushdan eson-omon olib chiqsin. Seni sog‘indim, duoi joningni qilib o‘tiribman. Alloh seni panohida saqlasin!» – deya xabar yo‘llagan onaizor o‘ldirilishi arafasida.

«Al-Jazira» tahririyati Isroilning hujumini qoralab, ushbu jinoyatni sodir etganlar javobgarlikka tortilishi uchun barcha huquqiy choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.

«Al-Jazira» xalqaro hamjamiyat hamda matbuot erkinligini himoya qiluvchi tashkilotlarni qatliomni zudlik bilan to‘xtatish va shahidlar hamda begunoh qurbonlarning yaqinlari uchun adolatli  mahkamani ta’minlashga chaqiradi», – deyiladi telekanal bayonotida.

Isroil harbiylari HAMASning hujumiga javoban ikki oydan buyon G‘azoda quruqlik va havoda harbiy amaliyot o‘tkazmoqda. 1 dekabr kuni, olti kunlik gumanitar sulhdan keyin yahudiy harbiylari G‘azoda jangovar harakatlarni qayta boshladi.

Ayni paytda G‘azo dunyoda jurnalistlar va ularning oilasi uchun eng xatarli hudud bo‘lib qolmoqda.

Jurnalist Vail Al-Dahduh ham bir kechada rafiqasi, qizi, o‘g‘li va nabirasidan ayrilgan.

Joriy yil 25 oktyabr kuni Isroil aviahujumi oqibatida «Al-Jazira»ning G‘azodagi yana bir muxbiri Vail Al-Dahduh rafiqasi, qizi, o‘g‘li va nabirasidan ayrilgan edi. Ular ham xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra daxlsiz sanalgan qochqinlar lagerida jon saqlayotgan edi.

31 oktyabr kuni Jabaliya lageriga uyushtirilgan hujumda «Al-Jazira»ning yana bir xodimi Muhammad Abu Al-Qumsanning 19 nafar oila a’zosi hayotdan ko‘z yumgan.

Avval xabar berganimizdek, dekabr oyi boshida Isroil tashlagan bomba oqibatida «Anadolu» axborot agentligi operatori Muntazir al-Savvaf va uning o‘nlab yaqinlari halok bo‘ldi.

So‘nggi ikki oy ichida G‘azoda 70 dan ziyod OAV xodimi o‘ldirilgan. Halok bo‘lgan tinch aholi vakillari soni 16 mingdan oshib ketdi.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tinch aholi vakillari qonini to‘kishni to‘xtatishni talab qilmoqda.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil hujumlariga nishon bo‘layotgan G‘azo mintaqasi bolalar qabristoniga aylanayotgani haqida bong urgan va noinsoniy ommaviy jazolash amaliyotiga chek qo‘yish lozimligini aytgan.

G‘azoning 2,3 million aholisi ikki oydan buyon suv, oziq-ovqat, elektr energiya, yonilg‘i va tibbiy xizmatdan mahrum holda jon saqlamoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qamaldagi hududda yuqumli kasalliklar yanada keng tarqalishidan ogohlantirgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Falastinlik jurnalist bir lahzada 22 nafar yaqinidan ayrildi