09:48 / 09.12.2023
138

AQSH BMTning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rezolyutsiyasini blokladi

AQSH BMTning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rezolyutsiyasini blokladi
Foto: REUTERS/Mohammed Salem

BMT Xavfsizlik kengashining G‘azo sektorida gumanitar sabablarga ko‘ra zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi rezolyutsiya loyihasi yana muvaffaqiyatsizlikka uchradi. 8 dekabr, juma kuni Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 13 nafari Birlashgan Arab Amirliklari kiritgan hujjat uchun ovoz berdi, biroq AQSH unga veto qo‘ydi. BMT oliy organining 15-a’zosi - Britaniya betaraf qoldi.

Ilgari shunga o‘xshash takliflar Isroilni doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan AQSHning bunday rezolyutsiyalar diplomatik sa’y-harakatlarga xavf tug‘dirishi mumkinligi sababli qarshilik ko‘rsatishi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi.

Avvalroq BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish BMT nizomining 99-moddasiga asoslanib, BMT Xavfsizlik kengashini gumanitar o‘t ochishni to‘xtatishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan edi. Ushbu modda, BMTga ko‘ra, o‘nlab yillar davomida qo‘llanmagan va bosh kotibning fikricha, xalqaro tinchlik hamda xavfsizlikni saqlashga tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday muammolarni Xavfsizlik kengashi e’tiboriga yetkazish imkonini beradi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 16 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

1 dekabrgacha davom etgan vaqtinchalik otashkesim doirasida 100 dan ortiq garovga olingan shaxs qo‘yib yuborildi, Isroil 240 ga yaqin falastinlikni qamoqdan ozod qildi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, 7 oktyabr kuni asirga olingan yana 138 kishi HAMAS qo‘lida qolmoqda.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo