13:05 / 13.12.2023
133

Bayden Kiyevga 200 mln dollar yordam ko‘rsatishni ma’qulladi

Bayden Kiyevga 200 mln dollar yordam ko‘rsatishni ma’qulladi

Foto: REUTERS/Leah Millis

AQSH prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 200 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini tasdiqladi. Bu haqda Baydenning o‘zi 12 dekabr, seshanba kuni Oq uyning Oval kabinetida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvda ma’lum qildi. Bundan tashqari, Amerika prezidenti AQSH Kongressini Ukrainaga 60 milliard dollardan ortiq yordam paketini keyingi bloklash ehtimoli bo‘yicha qattiq ogohlantirdi. Kongressmenlar ushbu yordamni rojdestvo ta’tiliga chiqishdan oldin ma’qullashlari kerak, aks holda ular Vladimir Putinga «eng katta rojdestvo sovg‘asini» taqdim etadilar, dedi Bayden. Shu bilan birga, u Zelenskiyga: «Umidingizni yo‘qotishingizni xohlamayman», dedi.

Zelenskiy: Ukraina AQSHning yangi yordami yo‘qligiga qaramay g‘alaba qozonishi mumkin

O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Baydenga Kongress Kiyevga yangi yordam ko‘rsatishni to‘sib qo‘ygan bo‘lsa-da, uning mamlakati hali ham Rossiyaga qarshi urushda g‘alaba qozonishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev yordamga kamroq bog‘liq bo‘lib bormoqda va Ukraina qo‘shinlari «Ukraina g‘alaba qozona olishini har kuni isbotlamoqda». U AQSHning Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlashdagi yordamini olqishladi.

Ayni paytda, Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnel Kongressning rojdestvo oldidan 60 milliard dollarlik yordam paketini qabul qilishi, hatto yaqin kunlarda kelishuvga erishilgan taqdirda ham, «deyarli imkonsiz» ekanini aytdi.

Zelenskiy senatorlar bilan uchrashdi

Avvalroq Zelenskiy AQSHga tashrifi chog‘ida AQSH Senati a’zolari bilan yopiq eshiklar ortida uchrashgan va ularni Ukrainaga qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullashga chaqirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Senatidagi uchrashuv «do‘stona va samimiy» o‘tdi. Bu «Ukrainaning mustaqillik, erkinlik va demokratiya uchun kurashda qo‘llab-quvvatlanishining muhim tasdig‘idir», deb yozdi Volodimir Zelenskiy Telegram-kanalida. Uning so‘zlariga ko‘ra, u senatorlarga Ukrainadagi xavfsizlik va iqtisodiy vaziyatni bayon qilgan va «Amerikaning hayotiy yordamini saqlab qolish» zarurligini ta’kidlagan.

O‘z navbatida, Senatdagi Demokratik partiya yetakchisi Chak Shumer senatorlarning Zelenskiy bilan uchrashuvini «juda kuchli» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina rahbari o‘z mamlakatining ehtiyojlari va AQSHdan Ukrainaga ehtimoliy yordam variantlarini «mufassal tushuntirib bergan», shuningdek, bu yordam Kiyevning g‘alaba qozonishiga qanday yordam berishi mumkinligini aytgan. «Agar u kerakli yordamni olsa, g‘alaba qozonadi», - deya Shumer so‘zlarini keltirgan CNN. Senatdagi demokratlar yetakchisi, agar Ukraina mag‘lub bo‘lsa, Rossiya prezidenti Vladimir Putin g‘alaba qozonishini va «bu Qo‘shma Shtatlar uchun juda va juda xavfli» ekanini ta’kidladi.

AQSH Kongressi hozircha Kiyevga ko‘mak uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullamadi

Oktyabr oyida Bayden Kongressga Ukrainaga bir yilga 61,4 milliard dollar, shuningdek, Isroil mudofaasini mustahkamlash uchun 14,3 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordam so‘rab murojaat qilgan. Qonun chiqaruvchilar bu mablag‘ni ajratish bo‘yicha haligacha kelisholmagan.

Agar AQSH Kongressi Kiyevga yordam uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullamasa, Vashingtonda joriy yil oxirigacha Ukrainaga qurol va jihozlar sotib olish resurslari tugaydi, dedi Oq uy boshqaruv va budjet byurosi direktori Shalanda Yang Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonsonga. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika qurol-yarog‘i va jihozlarini yetkazib berishni to‘xtatish «nafaqat Ukraina erishgan muvaffaqiyatlarni xavf ostiga qo‘yadi, balki Rossiya harbiylarining g‘alaba qozonish ehtimolini ham oshiradi».


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo