2017 yilda Buyuk Britaniyada joylashgan Reding universiteti iqlim fizigi Elli Xayvud o‘zining Twitterʼdagi sahifasiga (hozirgi X ijtimoiy tarmog‘i) "Iqlim o‘zgarishi ko‘rpachasi" degan izoh bilan mana shu grafikani joylashtiradi.
O‘shanda u hamkasbi tomonidan ishlangan grafika keyinchalik iqlim o‘zgarishini aks ettiruvchi surat sifatida mashhur bo‘lib ketishini bilmagandi. Grafika rangli chiziqlardan iborat bo‘lib, iqlim o‘zgarishini ketma-ketlikda aks ettiradi.
Hozirgacha "Iqlim chiziqlari" dunyo faollari tomonidan ijobiy qabul qilindi. Yosh ekofaol Greta Tundberg o‘zining "Iqlim kitobi" muqovasida bu grafikadan foydalanadi. Bundan tashqari, “Economist” jurnali va boshqa nashrlar uni chop etadi.
London Fashion Week’lardan birida uning naqshi tushirilgan libosi namoyish qilinadi. Sportchilar o‘zlarining formasi sifatida tasvirdan foydalanishdi.
Hozirgi paytda Yevropada iqlim o‘zgarishi grafikasi ommaviy tarzda namoyish etilmoqda. "Iqlim chiziqlari" bilan jamoat binolari, jamoat transportlari dekoratsiya qilinyapti. Yaqinda o‘tkazilgan Meksikadagi musiqa festivalida ham bu tasvir namoyish qilingan.
Iqlim o‘zgarishi chiziqlari nimani anglatadi?
2017 yilda Reding universiteti iqlimshunos olimi Ed Xokins tomonidan yaratilgan iqlim chiziqlari grafikasi insoniyat harakatlari ta’sirida iqlim o‘zgarishining sodir bo‘lishi va global haroratning uzoq muddatda davomli ko‘tarilib borishini aks ettiradi.
Undagi har bir chiziq 1850 yildan to 2022 yilgacha bo‘lgan davrdagi global haroratning oshib borishini ko‘rsatadi. Qizil chiziqlar 2000 yillardan keyingi davrni, ko‘k chiziqlar esa undan oldingi muddatni anglatadi. O‘z-o‘zidan qizil chiziqlar davri 1971-2000 yillarga qaraganda issiqroq.
Vizual tasvir yaqin 10 yilliklarda havo haroratining qanchalik tez ko‘tarilayotganini aniq aks ettiradi.
Ed Xokins o‘z grafikasiga odamlarning reaksiyalarini ko‘rgach, tasvirlar iqlim o‘zgarishini onlayn vizuallashtirishning yaxshi usuli bo‘la olishini tushunadi.
Bir yildan so‘ng iqlimshunos olim o‘z grafikasidan fanga aloqador bo‘lmagan auditoriya bilan muloqot qilish yo‘li sifatida foydalanish uchun Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan festivalda namoyish qildi. Odamlar ijobiy qabul qilganini ko‘rgan Ed Xokins tasvirdan hamma oson foydalana olishi uchun veb-sayt ishga tushirdi. Unda har bir hududning isib borish tasvirini alohida yuklab olish mumkin. Ishga tushirilgandan so‘ng bir hafta ichida grafika 180 ta davlatdan 1 mln marta yuklab olinadi.
Iqlim o‘zgarishi muammosi ahamiyati oshib borgani sari Ed Xokins grafikasi ham ommalashib boryapti. 2023 yil insoniyat tarixidagi eng issiq yil bo‘lgani haroratning doimiy ko‘tarilib borayotgani aks etgan tasvirni ilm-fanga unchalik yaqin bo‘lmagan odamlar ham yaxshiroq tushunishi kerakligini anglatadi.
Bu grafikadan iqlim o‘zgarishi mavzusidagi eng yirik konferensiya – Dubayda bo‘lib o‘tgan COP28’da ham foydalanilgan.