Foto: Monika Skolimowska/dpa/picture alliance
Yevropa komissiyasi 18 dekabr, dushanba kuni X mikrobloglar xizmati (sobiq Twitter)ga qarshi rasmiy ish ochdi. «Bugun biz X tomonidan ehtimoliy qoidabuzilishlar bo‘yicha rasmiy tartibni ochmoqdamiz», deb yozdi Yevropa Ittifoqining ichki savdo va xizmatlar bo‘yicha komissari Terri Breton.
Yevropalik siyosatchi ta’kidlaganidek, onlayn-servis noqonuniy kontent va dezinformatsiyaga qarshi kurashish majburiyatlarini buzish, foydalanuvchi interfeysini chalg‘ituvchi dizayn shaffofligini ta’minlash majburiyatlariga rioya qilmaslikda gumon qilinmoqda. Kompaniya Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunning (DSA) sakkizta moddasini buzganlikda aybdor deb topilishi mumkin.
Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun Yevropa Ittifoqida 25 avgust kuni kuchga kirdi. Unga ko‘ra, kompaniyalar irqchilik, narkotiklar va kontrafakt mahsulotlar savdosi, dezinformatsiya tarqalishiga qarshi kurashishi shart. Oktyabr oyida Bryussel X tarmog‘ini Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush bilan bog‘liq yolg‘on ma’lumot tarqatgani uchun ogohlantirgan, deb eslatadi AFP. Tanqidchilar kompaniya egasi Ilon Maskni o‘tgan yili Twitter'ga rahbarlik qila boshlaganidan beri kontent moderatsiyasini va noto‘g‘ri ma’lumotlarga qarshi kurashni sezilarli darajada qisqartirganlikda ayblamoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring