Foto: Kreml matbuot xizmati
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2023 yil sentyabr oyidan boshlab turli diplomatik kanallar orqali Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyorligini bildirmoqda. Bu haqda Kremlga yaqin bo‘lgan ikki sobiq yuqori martabali rossiyalik amaldor, AQSH va boshqa davlatlar rasmiylariga tayanib The New York Times xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Putin vositachilar orqali hozirgi chegaralar doirasida o‘t ochishni to‘xtatishga va jangovar harakatlarni muzlatishga tayyorligini bildirgan.
Ular: “Biz o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarga tayyormiz”, demoqda. Ular hozir jang maydonida turgan joyida qolishni istaydi, — dedi kuzda Rossiya vakillari bilan uchrashgan yuqori martabali xorijlik amaldor.
Sobiq rossiyalik amaldorlardan biri Putin “o‘zi turgan joyda qolishga haqiqatan ham tayyor”ligini aytdi.
“U bir metr ham orqaga chekinishga tayyor emas”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Amerika rasmiylarining ta’kidlashicha, Rossiya prezidenti 2022 yilning kuzida, Ukraina qo‘shinlari Xarkov va Xerson viloyatlaridagi hududlarni ozod qilgan paytda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha xuddi shunday taklif bilan chiqqan. Putin agar Rossiya bosib olingan hududlarni saqlab qolsa, sulh tuzishga tayyorligini ochiq aytgan. Bu haqda avvalroq xabar berilmagan.
“Ukraina yangi taklifga rozi bo‘lishi haqida hech qanday gap yo‘q, chunki Kiyev avvalroq barcha bosib olingan hududlarni qaytarish niyatida ekanligini ochiq bildirgandi”.
Amerika rasmiylari fikricha, Putin ularni chalg‘itmoqchi bo‘lishi mumkin. Rossiyaning sobiq rasmiylari, agar rus armiyasi muvaffaqiyat qozonsa, Putin fikrini o‘zgartirishi mumkinligini tan oldi. Iyun oyida Rossiya va Ukrainaga tashrif buyurgan ismini oshkor etilmagan afrikalik rasmiyga ko‘ra, Rossiya prezidenti “vaqti kelganda” muzokaralar uchun yaxshi tayyorlangan kanalga ega bo‘lishni xohlaydi.
AQSH rasmiylari Putinning taklifi Ukrainani poytaxti Kiyev bo‘lgan suveren davlat sifatida saqlab qolishi, ammo Rossiya Ukraina hududining deyarli 20 foiziga ega bo‘lishini aytmoqda.
Putin kelishuvga tayyor ekanligini bildirar ekan, u aniqroq taklifni kutmoqda. Amerika rasmiylari endi birorta ham taniqli ukrainalik siyosatchi Ukraina hududidan voz kechishga olib keladigan kelishuvga rozi bo‘lmasligini bildirdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Rossiya bilan muzokaralar masalasi dolzarb emas”ligi, “ularning ritorikasida Ukrainaga nisbatan faqat bezbetlik va qotillik namoyon bo‘lishini” ta’kidladi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov The New York Times gazetasiga bergan izohida “konseptual nuqtai nazardan siz taqdim etgan tezislar noto‘g‘ri” dedi.
Rossiya hozirgi front chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatishga tayyormi yoki yo‘qmi degan savolga Peskov Putinning Rossiya o‘z maqsadlariga (“denasifikatsiya”, “demilitarizatsiya”) erishgandan so‘ng urush tugashiga va Ukrainaning neytral maqomi haqidagi bayonotiga ishora qildi.
“Putin haqiqatan ham muzokaralarga tayyor va bu haqda gapirdi. Rossiya hali ham tayyor, lekin faqat o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida”, — dedi Peskov.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring