Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainaning Xerson shahridagi temiryo‘l vokzalini o‘qqa tutdi, vokzalda evakuatsiya poyezdi turgan edi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 26 dekabr kuni kechqurun ma’lum qildi.
“Ruslar temiryo‘l stansiyasiga hujum qildi. Evakuatsiya poyezdiga. Barcha xizmatlar voqea joyida ishlamoqda. Hozirda qurbonlar va yaralanganlar soni aniqlanmoqda. Voqea joyida ko‘plab tinch aholi vakillari bo‘lgan”, — dedi Zelenskiy.
Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari Igor Klimenkoning aniqlik kiritishicha, rus qo‘shinlari Xersonni ommaviy o‘qqa tuta boshlagan paytda stansiyada 140 ga yaqin tinch aholi evakuatsiya poyezdining jo‘nab ketishini kutayotgan edi. Politsiya odamlarni xavfsiz joylarga olib o‘tgan.
“Evakuatsiya paytida uyushtirilgan hujum oqibatida politsiya leytenanti halok bo‘ldi. To‘rt kishi, jumladan, ikki politsiyachi yaralandi”, — dedi Klimenko.
Xerson viloyati ma’muriyati rahbari Aleksandr Prokudin stansiyaning o‘qqa tutilishi oqibatlari aks etgan videoni e’lon qildi. Kadrlarda o‘ldirilgan politsiyachi aks etgan.
“Ukrzaliznitsa” kompaniyasi Xersonning o‘qqa tutilishi oqibatida vokzal va harakat tarkibiga zarar yetganini, bir necha ishchilar yaralanganini ma’lum qildi. Kompaniya yo‘lovchilar boshpanalarga joylashtirilganini ta’kidladi.
Xerson harbiy ma’muriyati rahbari Roman Mrochkoning aytishicha, kun davomida rus qo‘shinlari shaharni turli xil qurollardan bir necha marta o‘qqa tutgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!