Foto: Telegram / sotaproject
Moskva va Sankt-Peterburgda 1 yanvar, dushanbaga o‘tar kechasi politsiya migrantlarga qarshi reydlar uyushtirdi. Bu haqda rus tilidagi OAV va Telegram-kanallariga tayanib Kun.uz xabar bermoqda.
The Moscow Times gazetasining yozishicha, Rossiya Federatsiyasi poytaxtidagi tadbirlarda politsiya qo‘shni davlatlardan kelgan xorijliklarni «ma’lumotlar bazasidan huquqbuzarliklarni qidirish» bahonasi bilan qo‘lga olib, avtozaklarda olib ketgan. Sota Telegram-kanaliga ko‘ra, hatto qor bobo kiyimidagi erkak ham ushlangan: «U tojikistonlik bo‘lib chiqdi».
«Bumaga» onlayn-nashri xabar berishicha, xuddi shunday holat Sankt-Peterburgda «Gostiniy dvor» va «Admiralteyskaya» metro bekatlari yaqinida sodir bo‘lgan, «Gostiniy dvor» bekatida esa qo‘lga olishlar ancha keng ko‘lamda amalga oshirilgan.
«Fontanka» onlayn-nashri 1 yanvarga o‘tar kechasi Sankt-Peterburgning markaziy qismidan politsiya bo‘limlariga jami 3000 ga yaqin xorijlik fuqarolar olib kelinganini ta’kidlamoqda. «Yetkazilganlarning 600 dan ortig‘i turli xil migratsiya qonunchiligini buzgan holda Rossiyada bo‘lgan. Ularning barchasiga ma’muriy bayonnoma shaklida «sovg‘alar» topshirildi. Yuzdan ortiq odam Rossiya Federatsiyasidan chiqarib yuborilishi mumkin», - deya aniqlik kiritadi nashr.
Moskva va Sankt-Peterburgda o‘tgan yil 1 yanvarga o‘tar kechasi ham migrantlarga qarshi ommaviy reydlar bo‘lib o‘tgandi, deb eslatadi The Moscow Times. Gazeta huquq faoli Valentina Chupikning so‘zlaridan iqtibos keltirgan, unga ko‘ra, «2023 yil yozi boshidan buyon Rossiya xavfsizlik kuchlariga muhojirlar va yaqinda Rossiya fuqaroligini olgan shaxslarni harbiy ro‘yxatga olish uchun qidirib topish bo‘yicha reydlar o‘tkazish buyurilgan».
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring