00:23 / 09.01.2024
321

Qozog‘istonda 10 yil oldin sudlangan amaldor oqlanib, o‘z lavozimiga tiklandi

Qozog‘istonda 10 yil oldin sudlangan amaldor oqlanib, o‘z lavozimiga tiklandi
Foto: Time.kz
Qozog‘istonda 10 yil avval sudlangan amaldor oqlanib, o‘z lavozimiga tiklandi Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
 
Qarag‘anda viloyatida 10 yil avval mansab vakolatini suiiste’mol qilgani uchun sudlangan Murat Karakekilov mehnat inspeksiyasi bo‘limi boshlig‘i lavozimiga qayta tiklangan. U sud orqali oqlangan va lavozimiga qaytadan kirishgan.
 
Sud idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, Karakekilov 2014 yilda Jinoyat kodeksining 308-moddasi 2-qismi “Mansab vakolatlarini haddan tashqari oshirib yuborish” bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan. U aybdor deb topilib, 1,2 million tenge jarima to‘lashga hukm qilingan. 2015 yil aprel oyida u davlat xizmatidan bo‘shatilgan.
 
Sakkiz yil o‘tib, 2022 yil dekabrida Oliy sud Murat Karakekilov xatti-harakatlarida jinoyat izlari yo‘qligi sababli birinchi instansiya sudining hukmini bekor qilish va unga nisbatan ish yuritishni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Oliy sud, shuningdek, uning noqonuniy javobgarlikka tortish natijasida yetkazilgan zararni qoplash huquqini ham tan olgan.
 
Hukm bekor qilinganidan so‘ng, 2023 yil yanvarida Murat Karakekilov mehnat huquqlarini tiklash uchun Qarag‘anda viloyati hokimiga ariza topshirgan. Lekin mart oyida viloyatda bo‘sh ish o‘rinlari yo‘q degan javob olgan.
 
Shundan so‘ng amaldor Qarag‘andaning Qozibekbiy tumani 2-sonli sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. U Qarag‘anda viloyati hokimining 2015 yil aprel oyida chiqarilgan ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi farmoyishi bekor qilinib, avvalgi yoki unga tenglashtirilgan lavozimiga tiklashni so‘ragan. Shuningdek, da’vogar Moliya vazirligidan 30 million tenge (66 ming dollardan ortiq) miqdorida ma’naviy zararni qoplashni talab qilgan.
 
2023 yilning yozida Qozibekbiy tumani 2-sonli sudi da’vogar foydasiga ikkita qaror qabul qilgan. Sud Qarag‘anda viloyati hokimiga da’vogarni o‘z lavozimiga tiklash, Moliya vazirligiga esa 3 million tenge miqdorida tovon to‘lash majburiyatini yuklagan.
 
O‘tgan yilning noyabr oyida Qarag‘anda viloyati hokimligi Qozibekbiy tuman 2-sonli sudining qarori ustidan shikoyat qilgan. Hokimlik vakili sud aktini bekor qilishni so‘ragan. Apellyatsiya komissiyasi Moliya vazirligidan tovon undirish bo‘yicha ikkinchi qarorni ham ko‘rib chiqqan.
 
Natijada Qarag‘anda viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati Moliya vazirligidan 3 million tenge undirish to‘g‘risidagi qarorni o‘zgarishsiz o‘z kuchida qoldirgan. Sud, shuningdek, birinchi instansiya sudining Murat Karakekilovni unga tenglashtirilgan lavozimga qayta tiklash haqidagi qarorini bekor qilib, hokimlikka uni viloyat mehnat inspeksiyasi bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tiklashni buyurgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo