10:30 / 12.01.2024
411

Medvedev yana Ukrainada yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qildi

Medvedev yana Ukrainada yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qildi

Foto: RIA Novosti

Ukraina hududiga uyushtirilgan qator yirik raketa hujumlaridan so‘ng, 11 yanvar, payshanba kuni Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev yana Kiyevga yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qildi.

«So‘nggi paytlarda Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari tomonidan Ukrainadagi dushman harbiy obyektlariga berilgan bir qator intensiv va samarali zarbalar harbiy-sanoat majmuamizning 2023 yil davomida muvaffaqiyatli va samarali ishlaganini tasdiqlaydi. Bundan tashqari, ma’lumki, har xil turdagi tashuvchilardan foydalanildi. Hozircha yadrodan boshqa», — deya Medvedevning Rossiya Federatsiyasi Harbiy-sanoat komissiyasining talab qilinadigan qurollar ishlab chiqarishni nazorat qilish bo‘yicha ishchi guruhi yig‘ilishidagi so‘zlarini keltiradi «Interfaks».

Keyinroq Rossiya sobiq prezidenti o‘zining Telegram-kanalida Kiyevni g‘arbning uzoq masofali raketalari bilan Rossiya hududidagi raketa uchiruvchi qurilmalarni o‘qqa tutish bo‘yicha ogohlantirdi. «Bu o‘zini himoya qilish huquqi emas, balki bunday davlatga qarshi yadro qurolidan foydalanishimiz uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri va aniq asosdir», deb yozgan u.

Avvalroq Ukraina Havo kuchlari qo‘mondoni Yuriy Ignat o‘z mamlakatida Rossiyaning minglab S-300 raketalarini tutib olish uchun resurslar yo‘qligini, shuning uchun, uning so‘zlariga ko‘ra, bunday raketalarning uchirish moslamalarini aniq qurollar yordamida foydalanishdan chiqarish samaraliroq ekanini aytgan edi. Rossiya muntazam ravishda Ukrainani S-300 raketalaridan o‘qqa tutmoqda. Ushbu hujumlarning qurbonlari ko‘pincha tinch aholi bo‘lyapti.

Medvedevning tahdidlari ortida nima bor?

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri Dmitriy Medvedev bir necha bor yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qilgan. Shu bilan birga, Moskva hozirda haqiqatan ham bunday imkoniyatni ko‘rib chiqayotgani haqida aniq belgilar yo‘q, deb ta’kidlaydi dpa agentligi.

Reuters, o‘z navbatida, ko‘plab ekspertlar Vladimir Putinning ushbu ishonchli vakili bayonotlarini Rossiya Federatsiyasi prezidenti ma’muriyati rahbariyatidagi kayfiyat ko‘rsatkichi sifatida baholashini yozadi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo