11:45 / 22.01.2024
350

Isroil HAMASni yo‘q qilish maqsadiga erisha olmadi

Isroil HAMASni yo‘q qilish maqsadiga erisha olmadi
Foto: Reuters

G‘azo sektoridagi urush paytida Isroil armiyasi (SAHAL) Falastinning HAMAS guruhi jangchilarining atigi 20-30 foizini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu shuni anglatadiki, Isroil shu paytgacha HAMASni yo‘q qilish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erisha olmagan, shuningdek, G‘azo sektorini vayronalarga aylantirgan bir necha oylik urushdan keyin guruhning chidamliligini namoyish etmoqda, deb yozadi The Wall Street Journal (WSJ) 21 yanvar, yakshanba kuni Amerika razvedka manbalariga tayanib.

AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, HAMASning Isroil va G‘azo sektoridagi Isroil askarlarini ko‘p oylar davomida nishonga olish uchun yetarlicha o‘q-dorilari bor. Bundan tashqari, HAMAS G‘azo shahrining ayrim hududlarida politsiyani tiklashga harakat qilmoqda.

Isroil rasmiylari, shuningdek, G‘azo sektorida minglab tinch aholining hayotiga zomin bo‘lgan agressiv harbiy amaliyotga qaramay, Isroil HAMASni yo‘q qila olmaganini, uning jangchilari hozirda o‘z taktikasini kichik guruhlarda harakat qilish va askarlarni pistirmaga olishga moslashtirganini tan oldi.

AQSH urush bo‘yicha o‘z taxminlarini o‘zgartirdi

Ayni paytda, AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati G‘azo sektoridagi urush bo‘yicha taxminlarini o‘zgartira boshladi. Oq uy endi HAMASning yo‘q qilinishini kutmayapti, faqat undan tahdid kamayishini istayapti, deya qayd etadi WSJ. Bayden ma’muriyati Isroilni HAMAS rahbariyatiga qarshi ko‘proq aniq maqsadli operatsiyalarga e’tibor qaratishga chaqirmoqda.

WSJ suhbatdoshlariga ko‘ra, HAMASning omon qolishi Isroil, Falastin hududlari va dunyoning boshqa qismlarida Isroil armiyasining o‘zining urush maqsadlariga erisha olishiga shubha uyg‘otgan. HAMAS minglab jangchilarini yo‘qotgan bo‘lsa-da, hozir shunchaki urushdan omon qolishga harakat qilmoqda, deydi Isroilning yuqori martabali harbiy amaldori. «G‘alaba qozonish shart emas, mag‘lub bo‘lmaslik kifoya», deb tushuntirdi u.

HAMAS va Isroilning yo‘qotishlari

AQSH hisob-kitoblariga ko‘ra, urushdan oldin politsiya va boshqa xavfsizlik kuchlaridan tashqari HAMASda 25 000 dan 30 000 gacha jangchi bo‘lgan. Isroil harbiylarining aytishicha, urush boshlangandan beri G‘azo sektorida 9 mingga yaqin hamaschi o‘ldirilgan. 7 oktyabr kuni HAMASning Isroilga hujumi chog‘ida yana mingga yaqin jangchi yo‘q qilingani aytiladi.

Isroilga ko‘ra, yana 16 mingga yaqin HAMAS jangchisi yaralangan va yaradorlarning yarmiga yaqini xizmatga qayta olmaydi. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar yarador bo‘lgan hamaschilarning soni ancha past va 10,5 mingdan 11,7 ming kishigacha, deb hisoblaydi, ularning ko‘pchiligi urushni davom ettira oladi.

WSJ suhbatdoshlari ta’kidlashicha, Amerika harbiy doktrinasiga ko‘ra, dushman shaxsiy tarkibining 25-30 foizi yo‘qolishiga olib kelgan harbiy operatsiya samarasiz deb hisoblanadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil 190 askarini yo‘qotgan va 1200 nafari yaralangan.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 23 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo