16:54 / 23.01.2024
405

Rossiya qo‘shini Ukraina bo‘ylab yana yopirilma zarbalar yo‘lladi

Rossiya qo‘shini Ukraina bo‘ylab yana yopirilma zarbalar yo‘lladi
Foto: OLEH SYNIEHUBOV/KHARKIV ODA

23 yanvar tongida rossiyalik harbiylar Ukraina bo‘ylab yopirilma zarba yo‘lladi. Ukraina IIVning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev, Xarkiv va Dnipropetrovsk oblastlari o‘qqa tutilishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, bir ayol og‘ir ahvolda, yana 50 dan ortiq kishi jarohatlangan.

RF qo‘shini Ukraina bo‘ylab jami 41 raketa uchirgan, bunda qanotli, ballistik, aviatsiya va zenit raketalardan foydalanilgan, deya ma’lum qildi Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrain havo hujumidan mudofaa kuchlari 21 raketani urib tushirgan: X-101/X-555/X-55 rusumli 15 ta qanotli raketa, «Iskander-M» kompleksidan uchirilgan beshta ballistik raketa, shuningdek X-59 rusumli aviatsiya raketasi. Ukraina QK bosh qo‘mondoni tasdiqlashicha, rossiyaliklarning ballistik trayektoriya bo‘yicha yo‘llangan barcha raketalari ham o‘z nishoniga yetib bora olmagan.

Ukraina poytaxtiga bir necha bosqichli hujum uyushtirildi, deydi Kiyev harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popko. RF qo‘shini avvaliga Saratov oblastidan havoga ko‘tarilgan strategik bombardimonchilari bilan X-101/X-555/X-55 qanotli raketalarini uchirgan, keyin esa yerdan ballistik raketalar jo‘natilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari «qariyb yigirmata» raketani urib tushirgan.

Zarbalar oqibatida poytaxtning bir qancha rayonlari jabrlangan. Shahar harbiy ma’muriyatiga ko‘ra, Svyatoshinskiy rayonida avtomobillar yongan, ko‘p qavatli turar joydagi kvartiralardan birida yong‘in chiqqan. Shuningdek shu va Pecherskiy rayonida noturar joylar shikastlangan. Solomenskiy rayonida turar joy binosi zarar ko‘rgan, Darnitskiy rayonida urib tushirilgan raketa parchalari ko‘p qavatli uy tomiga hamda bolalar bog‘chasi hovlisiga tushgan.

Shahar meri Vitaliy Klichko Svyatoshinskiy rayonidagi uy kvartiralaridan birida portlamay qolgan raketaning jangovar kallagi aniqlangan. Uyda yashovchilar evakuatsiya qilingan. Shu rayondagi boshqa bir uyda parchalar birinchi qavatdan beshinchi qavatgacha bo‘lgan uylarning balkonlarini hamda to‘rtta kvartirani zararlagan.

Shahar harbiy ma’muriyati ma’lum qilishicha, Kiyev o‘qqa tutilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. Klichkoning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda 18 kishi jarohatlangan: katta yoshli 10 kishi hamda uch nafar bola shifoxonaga yotqizilgan, 13 yoshli o‘smir va to‘rt nafar katta yoshli kishiga voqea joyida yordam ko‘rsatilgan. Klichko qurbonlar borligi haqidagi ma’lumotni rad etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tinch aholi vakili bo‘lgan bir ayol jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan va uning hayoti saqlab qolingan.

Ukraina IIV tomonidan keyinroq berilgan ma’lumotga ko‘ra, Kiyev aholisi vakili bo‘lgan bir ayol klinik o‘lim holatida qolmoqda, shifokorlar uning hayoti uchun kurashishmoqda. Yana 21 kishi turli darajada jarohatlangan.

Kiyev oblasti hududida urib tushirilgan raketa parchalari tushishi oqibatida uch kishi jarohat olgan. Turli rayonlarda uchta ko‘p qavatli uy, xususiy uy, xo‘jalik binolari, 12 ta yengil avtomobil, kafe shikastlangan, turar joylardan birining avtoturargohida yong‘in kelib chiqqan.

Shuningdek, RF qo‘shini Xarkiv shahrining Kiyev va Saltivka rayonlariga zarba bergan, deb xabar qilgan oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov. Ukraina IIV ma’lumotiga ko‘ra, shaharda kamida uch kishi halok bo‘lib, 40 ga yaqin kishi jarohatlangan. Mahalliy rasmiylar jabrlanganlar soni 35 nafarligi, ulardan ikki nafari yosh bola ekanini xabar qilgan. Ko‘p kvartirali turar joy shikastlangan, xususiy uy, o‘quv muassasasi binosi hamda boshqa fuqarolik infratuzilmalari vayron bo‘lgan, avtomobillar yonib ketgan.

Xarkiv meri Igor Terexovning xabar qilishicha, zarba oqibatida turar joy binosining pod’ezdlaridan biri to‘liq vayron bo‘lgan. Xarobalar ostida odamlar qolgan bo‘lishi mumkin. Kiyev rayonining zarba ostida qolgan qismi elektr va ichimlik suv ta’minotidan uzilgan.

Milliy politsiyaning Xarkiv oblasti bo‘yicha tergov boshqarmasi boshlig‘i Sergey Bolvinov zarbalar vaqtida Xarkivning chekka hududi ham jabrlanganini ma’lum qilgan. Bu hududda xususiy sektordagi turar joy shikastlangan, bolalar va bir ayol jarohat olgan. Raketalardan biri gaz quvuriga urilishi oqibatida yong‘in kelib chiqqan.

TASS axborot agentligi Rossiya qo‘shini 23 yanvarga o‘tar kechasi «Xarkivdagi yollanma jangchilar manzili bo‘ylab aniq zarbalar bergani» haqida yozdi. «Bu shaxslar qaysi mamlakatlar fuqarolari ekani to‘g‘risida hozircha ishonchli ma’lumot yo‘q, ammo bu ma’lumotga oydinlik kiritilmoqda», — degan agentlik manbasi. Favqulodda xizmatlardagi bu manba Xarkivdagi turar joyga go‘yoki Ukraina qurolli kuchlarining havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi urilganini qo‘shimcha qilgan.

Dnipropetrovsk oblastining Pavlograd shahri o‘qqa tutilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, yana bir kishi jarohatlangan, deb xabar bergan region harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ukrain shaharlari yoppasiga o‘qqa tutilishini «rossiyaliklar terrori» deb atadi. «Bu terrorni faqat kuch bilan to‘xtatish mumkinligini dunyo tushunishi kerak. Dunyo yana shuni tushunishi kerakki, rossiyaliklarning raketalari hozir Ukraina bo‘ylab uchmoqda, ammo, agar bugun zaiflik namoyish etilsa, ertaga ular g‘arbdagi shaharlar ustidan uchadi», — degan u.

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya qo‘shini tinch aholiga zarba bermasligini ta’kidladi. U ertalab Ukrainadagi obyektlar bo‘ylab yo‘llangan zarbalarni Donetsk bo‘ylab hujumga javob deb hisoblash mumkinmi, deya berilgan savolga shunday javob qaytargan.

«Biz maxsus harbiy amaliyotimizni davom ettirmoqdamiz va harbiylarimiz ijtimoiy obyektlar va aholi kvartallari bo‘ylab zarba bermayapti. Va Kiyev rejimidan farqli o‘laroq tinch aholiga zarba bermaydi. Bu bizning harbiylarimizni Kiyev rejimi harbiylaridan tubdan farqlab turadigan jihat», — degan Kreml rasmiysi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo