Foto: Getty Images
Saudiya Arabistonida birinchi spirtli ichimliklar do‘koni poytaxt Ar-Riyoz shahrining diplomatik kvartalida ochildi. Bu haqda muassasaga borgan bir necha guvohlarga tayanib, CNBC telekanali xabar berdi.
Do‘konda spirtli ichimliklarni faqat chet el diplomatlari va musulmon bo‘lmagan davlatlarning elchixona xodimlari xarid qilishi mumkin. Ilgari, ularda bunday imkoniyat yo‘q edi, chunki mamlakatda 1952 yildan buyon spirtli ichimliklar taqiqlangan.
Do‘kon qoidalariga ko‘ra, diplomatlar faqat maxsus Diplo ilovasi orqali tizimga kirish orqali spirtli ichimliklar sotib olishi mumkin.
Boshqa cheklovlar ham bor: diplomatlar boshqa shaxslar yoki 21 yoshdan kichik bo‘lganlar hamrohligida do‘konga kira olmaydi. Shuningdek, do‘konda suratga olish va mobil telefon ishlatishga ruxsat yo‘q.
Bundan tashqari, xaridlar soniga oylik cheklov qo‘yilgan, bu elchixona xodimlarining ayrimlari spirtli ichimliklarni «qora bozor»da sotmasligi uchun belgilangan.
Birinchi spirtli ichimliklar do‘koni ochilgani Saudiya Arabistoni rasmiylari tomonidan tasdiqlanmagan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring