Foto: AP Photo
Texas gubernatori Greg Ebbott shtatning Meksika bilan chegarasini harbiy resurslar yordamida muhojirlardan himoya qilish niyatida ekanini ochiqladi. U AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati immigratsiya qonunlariga amal qilmayotganini da’vo qildi.
2023 yilda quyi sud AQSH federal hukumatiga Texas Milliy gvardiyasi Meksika bilan chegarada o‘rnatgan simli panjaralarni olib tashlashni taqiqlagandi. 22 yanvar kuni AQSH Oliy sudi ularni olib tashlash to‘g‘risida qaror chiqardi. AQSH ma’muriyatining ta’kidlashicha, to‘siqlar federal chegara xizmatiga muhojirlarni hibsga olish va ularga qonun talabiga ko‘ra zarur bo‘lganda yordam ko‘rsatishga to‘sqinlik qilmoqda.
“Prezident Bayden migrantlarni federal qonun bo‘yicha noqonuniy ravishda mamlakatga kirgani uchun jinoiy javobgarlikka tortish o‘rniga o‘z advokatlarini Texasni chegara xavfsizligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari uchun sudga berish maqsadida federal sudlarga yubordi”, — dedi Ebbott.
Gubernatorning qo‘shimcha qilishicha, davlat hokimiyati organlari o‘zini himoya qilish huquqini saqlab qoladi. U noqonuniy muhojirlarga qarshi kurashni o‘zining konstitutsiyaviy vakolati deb atadi. Texas ma’muriyatiga ko‘ra, ikki yil ichida mahalliy chegara xizmatlari 500 mingga yaqin muhojirni hibsga olgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring