21:37 / 07.02.2024
319

Amerikalik jurnalist Taker Karlson Rossiyada. U Putindan intervyu olgan

Amerikalik jurnalist Taker Karlson Rossiyada. U Putindan intervyu olgan
Foto: Brian Cahn / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Rus propagandasi uning har bir qadamini yoritib bormoqda. «Ostorojno, novosti» Telegram-kanali 29 yanvardan buyon Rossiya davlat nashrlari Karlson ismini ikki ming martadan ko‘p ishlatganini sanab chiqdi. Oxirgi kunlarda esa Rossiya davlat nashrlarida uning ismi 14 baravar ko‘proq tilga olingan.

Rus propagandasi Karlson haqida quyidagilarni yozishga ulgurdi:

* Taker Karlsonni Moskvadagi mehmonxonalardan birida ko‘rishgan;

* Rossiya jurnalistlari uyushmasi Taker Karlson a’zolik badalini to‘laydigan bo‘lsa, uni o‘z safiga qabul qilishga rozi;

* Taker Karlsonni «Rossiya» ko‘rgazmasida uchratishgan. U Kamchatka o‘lkasi stendlarini tomosha qilgan. Keyin Primore stendida leopard yo‘li bo‘ylab yurgan;

* Taker Karlsonni TNTdagi Pavel Volyaning shou-dasturiga taklif qilishdi;

* Taker Karlson mehmonxonani tark etib, prezident ma’muriyati tomon yo‘lga chiqdi;

* Taker Karlson prezident ma’muriyatida bir soatdan ko‘proq bo‘lganidan keyin uning mashinasi binoni tark etdi;

* Taker Karlsonning mashinasi yana prezident ma’muriyati tomon yo‘l oldi;

* Taker Karlsonni Qrimga taklif qilishdi;

* Taker Karlson hozircha TNTdagi shouda qatnashish taklifiga javob bermadi.

Rus propagandasi amerikalik jurnalistning tashrifini bu qadar hijjalab yoritgani ruscha satirik nashrlarda hazil ham qilindi. Rostov haqida xabarlar berib boriladigan 161.ru nashri o‘quvchilar o‘rtasida «Taker Karlsonni kutyapsizmi?» degan so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnomada qatnashganlarning 30 foizi Karlsonni «unga vegnerchilarning yerini ko‘rsatish uchun» kutayotganini belgilagan.

Parodiya xabarlar e’lon qilib boruvchi IA «Panorama» nashri Karlsonga Birinchi kanalda Ivan Urgantning o‘rnini egallash taklif qilinayotgani, «Kechki Urgant» shousini «Kechki Karlson»ga o‘zgartirishlari haqida yozdi.

Shuningdek, Rossiya davlat nashrlari AQSH va Yevropada go‘yoki Karlson Putindan intervyu olishi mumkinligi uchun «qaltirashayotgani» haqida turkum xabarlar berildi.

Asosiy maqsad – Putindan intervyu olish

Karlsonning tashrifdan asosiy maqsadi Rossiya prezidenti Putindan intervyu olish ekani ma’lum edi. Bloomberg o‘z manbalariga tayanib Kremlda bu masala muhokama qilinganini yozgandi. 7 fevralga borib Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov Putin Karlsonga intervyu berganini tasdiqladi.

2023 yil Rossiyaning bosh propagandachilaridan biri Margarita Simonyan amerikalik jurnalist Taker Karlson Rossiya prezidenti «Putindan intervyu olishni juda istayotgani» haqida gapirgandi. Karlsonning o‘zi esa Shveysariyaning Die Weltwoche nashriga bergan intervyusida Putindan intervyu olishga intilgani, lekin bunga AQSH hukumatidagilar yo‘l qo‘ymaganini aytgandi. Ammo boshlovchi bu gapiga hech qanday isbot keltirmagan.

Rossiyaga tashrifi haqida Karlson anons qilmadi, o‘z sahifalarida bu haqda yozmadi ham. RЕN-TV telekanali Karlsonning Moskvadagi mehmonxonalardan birida u bilan gaplashgan odam bilan suhbatini e’lon qildi. Unda jurnalist nega Rossiyaga kelganini shunday izohlagan: «Rossiyani ko‘rgim keldi, chunki u haqda juda ko‘p o‘qiganman. Odamlar bilan gaplashishni, bu yerda hayot qanday ekanini ko‘rgim keldi».

Bu Putinning urush boshlanganidan buyon g‘arblik jurnalistlar bilan qilgan ilk intervyusi bo‘ladi. Forbes'ning yozishicha, Karlson har qancha Rossiyani alqab yozib yurgan jurnalist bo‘lmasin, uning Putin bilan intervyusi tvitterda qayta tiklangan shousi uchun burilish nuqtasi bo‘ladi.

«Putinni emas, Amerikani yaxshi ko‘rganim uchun shu yerdaman»

Taker Karlson 12 millionga yaqin obunachisi bo‘lgan tvitter akkauntida nega Putin bilan intervyu qilishi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHda odamlar urush haqida hamma narsani bilmaydi. «Men bu yerga Vladimir Putinni emas, AQSHni yaxshi ko‘rganim uchun shu yerdaman», degan boshlovchi Moskvadagi mehmonxonalardan birining balkonida yozilgan videomurojaatida.

Jurnalistning aytishicha, Putin bilan intervyu tez orada uning shaxsiy saytida va tvitterda ko‘rsatiladi. Karlson ijtimoiy tarmoq egasi Ilon Maskka intervyuni bloklamaslikka va’da bergani uchun rahmat aytgan. Karlsonga ko‘ra, Bayden ma’muriyati intervyu olishiga xalaqit berishga harakat qilgan. Lekin aynan qanday tarzda ekaniga oydinlik kiritmagan.

Kim o‘zi bu Karlson?

Amerikalik teleboshlovchi Taker Karlson ancha vaqtdan buyon Rossiya prezidenti Vladimir Putinni olqishlab keladi. Uni bu boradagi G‘arbdagi eng mashhur jurnalist va hatto eng mashhur odam deyish ham mumkin. Uning qarashlarini Ukrainaga milliardlab dollar yordam berilishiga qarshi bo‘lgan konservatorlar ham qo‘llaydi.

Karlson Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni yoqtirmasligini ham yashirmaydi. Uning fikricha, Zelenskiy diktator. Karlson Ukraina yetakchisidan intervyu olish bo‘yicha ham so‘roq yuborganini aytgan. U Zelenskiy AQSHni Sharqiy Yevropadagi urushga yetaklayotganini iddao qilgan.

Karlson AQSH jurnalistikasini «Putin bilan intervyu qilishga intilmasligi» uchun korrupsiyada ayblagan. CNN telekanalidagi xalqaro xabarlar boshlovchisi Kristiana Amanpur esa Karlsonning gaplarini absurd deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tahririyat bir necha yildan buyon Vladimir Putindan intervyu so‘rab keladi. BBC ham oxirgi 18 oy ichida Kremlga Putindan intervyu olish bo‘yicha bir nechta so‘rov yuborib, har safar rad javobini olganini ma’lum qilgan.

Kutilmagan haydalish

Taker Karlsonning teleyulduzlik davri 2016-2023 yillarga to‘g‘ri keladi. Bu vaqt davomida Fox telekanalidagi siyosiy shoularni olib borgan boshlovchining ko‘rsatuvlarini bir vaqtning o‘zida 5 milliongacha odam tomosha qilgan. Respublikachilarni qo‘llovchi ushbu telekanaldagi respublikachi Karlsonning mashhurligi kutilmagan holat bilan yakunlanadi. 2023 yil 24 aprel kuni uni ishdan haydashadi. Buni kutmagan boshlovchi o‘sha kuni kechasidayoq efirga chiqishini aytadi.

Jurnalist nega ishdan bo‘shatilgani haqida rasman ma’lumot berilmagan, lekin katta ehtimol uning iste’fosi 2021 yil 6 yanvardagi Kapitoliy bosqini haqidagi reportaji bilan bog‘liq. O‘shanda Trampning saylov natijalari soxtalashtirgani haqida iddaosi efirga berilgan. Xususan, Tramp saylov natijalari ovozlarni hisoblovchi mashinalar yordamida soxtalashtirilganini aytgandi. Oqibatda mashinalarni ishlab chiqaradigan Dominion Voting Systems kompaniyasi Fox telekanalini sudga beradi. Telekompaniya esa 787,5 million dollar miqdorida kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘ladi. Bu ishdan bir hafta o‘tib Karlson ishdan bo‘shatiladi.

Fox'dan ketgach Karlsonning mashhurligi oshib ketadi. Ilon Mask sotib olganidan keyin X'ga aylantirgan Twitter jurnalistning ko‘rsatuvlarini translyatsiya qilishni boshlab yuboradi. Natijada Karlsonning ko‘rsatuvlarini millionlab odamlar tomosha qiladi.

Rossiya mediasida Karlsonni haqiqatni aytadigan jurnalist deb atashadi. U AQSHda o‘zga sayyoraliklarning kosmik kemasi bor deb hisoblaydi. Shuningdek, Rossiya pozitsiyasini takrorlab Ukrainada amerikaliklarning biologik qurol laboratoriyasi bor deb hisoblaydi. Jurnalist so‘nggi vaqtlarda mashhur odamlardan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban va Argentinaning yangi prezidenti Xaviyer Miley bilan ham intervyu uyushtirgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo