17:36 / 14.03.2024
218

Yaponiyada birinchi xususiy raketa parvozi portlash bilan yakunlandi

Yaponiyada birinchi xususiy raketa parvozi portlash bilan yakunlandi
Foto: Kyodo
Space One tomonidan uchirilgan Kairos yapon raketasi parvozga chiqqanidan so‘ng darhol portladi. Bu Yaponiya xususiy sektorining sun’iy yo‘ldoshni orbitaga chiqarishga birinchi urinishi bo‘ldi, deb xabar bermoqda Reuters.

18 metrli raketa Yaponiya g‘arbida Kii yarim orolidagi uchirish maydonidan parvozga chiqarildi va orbitaga eksperimental razvedka sun’iy yo‘ldoshini yetkazishi kerak edi. Uchirish dastlab 9 martga rejalashtirilgan edi, biroq keyinga qoldirildi.

Efir boshlangandan bir necha soniya o‘tgach kuchli portlash qanday sodir bo‘lishini ko‘rish mumkin. Parchalar uchish joyiga yaqin tushdi, ularning qulagan joyida kuchli yong‘in chiqdi va qalin tutun ustuni ko‘tarildi.

«Raketa missiyasini bajarishi qiyin bo‘lishini aniqlagandan so‘ng parvozini to‘xtatdi», - dedi Space One prezidenti Masakadzu Toyoda.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, butun uchirish jarayoni deyarli to‘liq avtomatlashtirilgan va o‘zini o‘zi yo‘q qilish to‘g‘risidagi qaror, agar belgilangan yo‘nalish hamda tezlikdan og‘ish yoki boshqaruv tizimidagi xatolar aniqlansa, parvoz algoritmlari orqali qabul qilinadi. Space One hozircha nima sodir bo‘lganini bilmayapti, lekin surishtiruv o‘tkazishga va’da berdi.

Space One 2018 yilda yapon kompaniyalari: Canon Electronics, Shimizu va IHI Aerospace konsorsiumi tomonidan yaratilgan. Ishlab chiquvchilar 2020-yillar oxirigacha har yili 20 tagacha raketa uchirishni rejalashtirmoqda, bu esa mahalliy va xalqaro mijozlarga «kosmik kurerlik xizmatlarini» taqdim etadi. Kairos raketa tizimi Space One'ning birinchi yirik loyihasidir.

Reuters agentligining qayd etishicha, Yaponiya kosmik poygada kichik o‘yinchi hisoblansa-da, Xitoy va Rossiya kabi texnologik va harbiy raqobatchilarga qarshi turish uchun aerokosmik sanoatini jonlantirishga harakat qilmoqda. Mamlakat, shuningdek, Yaponiya ichida ham, tashqarisida ham sun’iy yo‘ldosh uchirilishiga ortib borayotgan talabni qondirishga intilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo