
Rossiyaning Moskva viloyati, Krasnogorsk shahridagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida otishma yuz berdi. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, noma’lum shaxslar avtomat miltiqdan odamlarga qarata o‘q uzgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘nlab qurbonlar bor. Voqea «Piknik» guruhining konserti boshlanishidan oldin sodir bo‘lgan.
Voqealarning dastlabki soniyalari aks etgan videolavhada qurollangan ikki kishi ko‘rinadi. Biroq, ularning soni kamida besh nafar ekani aytilmoqda.
Qayd etilishicha, konsert zali binosida yong‘in boshlangan. Bunga portlash sabab bo‘lgani aytilmoqda. Bino tomining bir qismi qulab tushgan.
Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov voqea joyiga yetib borgan. «Men voqea joyidaman. Operativ shtab tuzildi. Barcha tafsilotlar keyinroq», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.
Moskva viloyatining huquq-tartibot idoralari, maxsus kuchlari «trevoga» bilan oyoqqa turg‘izilgan.
Voqea joyiga maxsus tezkor javob qilish otryadi va OMON, shuningdek, o‘t o‘chiruvchilar jalb qilingan. Yonayotgan binoning yerto‘lasidan 100 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Crocus City Hall'da yuz bergan voqeani qonli terakt deb atagan. AQSH Moskvadagi otishma munosabati bilan hamdardlik bildirgan.
Crocus City Hall'ga hujum qilgan odamlar haqida deyarli hech narsa ma’lum emas. Ular konsert zalining foyesida tashrif buyuruvchilarni otib tashlagan. Hozirda binoda yashirinishga muvaffaq bo‘lishgani aytilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar